Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 iyun kuni Samarqand shahrida amaliy tashrif bilan yurtimizda boʻlib turgan “BMT Turizm” (Butunjahon turizm tashkiloti) bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston bilan BMTning mazkur ixtisoslashgan instituti oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Samarqandda 2023 yil oktyabr oyida boʻlib oʻtgan tashkilotning 25-sessiyasida erishilgan kelishuvlarni va ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish jarayoni koʻrib chiqildi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Oʻzbekiston tashabbusi bilan 2027 yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi rezolyusiya qabul qilingani yuksak baholandi.
Tashkilot zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirish va yurtimizga sayyohat qilishni ommalashtirish boʻyicha Oʻzbekistonning strategik hamkoriga aylangani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar va obyektlarni barpo etish, ziyorat va madaniy-maʼrifiy turizmni, jumladan ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
Samarqandda faoliyat yuritayotgan Xalqaro turizm akademiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda mehmondoʻstlik va servis sohasida malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekistonga turizm yoʻnalishini ommalashtirish maqsadida mahalliy turoperatorlarning yirik xalqaro turizm yarmarkalari va koʻrgazmalarida ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlash borasidagi amaliy hamkorlik kengaytiriladi.