Oʻzbekiston Prezidenti BMT tuzilmalari bilan inson huquqlari sohasidagi konstruktiv hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi

0
79
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 mart kuni BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Turkni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Inson manfaatlarini ilgari surish va huquqlarini himoya qilish masalalarida Oʻzbekiston bilan BMT tuzilmalari oʻrtasidagi konstruktiv muloqot va amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda BMT bilan ushbu sohadagi hamkorlikda yuksak darajaga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etib, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish Birlashgan Millatlar Tashkiloti Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʻliq hamohang boʻlgan Oʻzbekistondagi islohotlar strategiyasining bosh ustuvor yoʻnalishi ekanini taʼkidladi.

BMT Oliy komissari Oʻzbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish, gender tenglikni ilgari surish, sud idoralarining mustaqilligini va qonun ustuvorligini taʼminlash borasidagi muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi.

Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasining 75 yilligida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi qabul qilingani, mamlakatimiz BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgani, qiynoqlarning oldini olish boʻyicha fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokidagi preventiv mexanizm yaratilgani, shuningdek, mojarolar hududlaridan xotin-qizlar va bolalar oʻz yurtiga qaytarilgani, ular qayta ijtimoiy integratsiyalashuvi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgani alohida qayd etildi.

Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga 2021-2023 yillar davriga saylangani hamda mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida yoshlar huquqlariga oid Kengashning qator rezolyusiyalari qabul qilingani inson huquqlarini taʼminlash borasidagi yutuqlarning keng eʼtirofi boʻldi.

Oliy komissar BMT tuzilmalarining Oʻzbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish niyati qatʼiy ekanini tasdiqladi. Inson huquqlarini monitoring qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va penitensiar muassasalar xodimlarini oʻqitish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida konstruktiv muloqotni yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.