Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 dekabr kuni Dubay shahrida oʻtayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi doirasida koʻplab mamlakatlarning yetakchilari bilan uchrashdi.
Malayziya Podshohi Sulton Abdulloh Rioyatuddin Al-Mustafo Billoh Shoh, Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan ikki tomonlama suhbatlarda koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Hamkorlikni kengaytirish yoʻllari muhokama qilindi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, Choʻllanishga qarshi kurash konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiav bilan ham uchrashuv oʻtkazdi.
Oʻtgan oyda Samarqand shahrida dunyoning 130 dan ortiq mamlakatlari delegatsiyalari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan BMTning Choʻllanish boʻyicha konvensiyasini amalga oshirish qoʻmitasining 21-sessiyasi sermahsul boʻlgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
2024 yilda Saudiya Arabistonida boʻlajak konferensiya davomida Chang va qum boʻronlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish masalasini birgalikda ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.
Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishi universiteti negizida ilmiy hamkorlik va tadqiqotlar oʻtkazish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.