Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 noyabr kuni Boku shahrida BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida oʻtgan tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi oʻrinbosari Xojamirat Geldimiradov, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan hamda Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKAP) ijrochi kotibi Armida Alisjabana, shuningdek, faxriy mehmonlar – Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili, Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Jasim Al-Budayviy qatnashdi.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida barcha ishtirokchilarni 1998 yilda Toshkent deklaratsiyasi bilan taʼsis etilgan dasturning 25 yilligi hamda BMT Bosh Assambleyasining ushbu qutlugʻ sanaga bagʻishlangan alohida rezolyusiyasi qabul qilingani bilan dildan qutladi.
Oʻzbekiston yetakchisi Ozarbayjonning samarali raisligida SPEKA doirasidagi mintaqaviy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini alohida taʼkidladi.
Prezidentimiz qayd etganidek, mazkur muhim platforma Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy sheriklikning amaliy mexanizmi sifatida oʻzining nihoyatda zarurligini yaqqol koʻrsatdi.
Dastur doirasida tijorat, kommunikatsiya, transport va logistika, raqamlashtirish, energetika, suv resurslari, ekologiya, gender tengligi va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 400 dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etildi, savdoni soddalashtirish va innovatsion rivojlanish strategiyalari qabul qilindi.
Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik va ishonch muhiti kuchayib, integratsiya chuqurlashayotgani katta mamnuniyat bilan taʼkidlandi.
– Hozirgi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon, Gruziya va Vengriya bilan sanoat kooperatsiyasi va infratuzilma boʻyicha yirik dasturlarni amalga oshirmoqdamiz. Qoʻshma investitsiya kompaniyalarini tashkil etib, moliyalashtirish mexanizmlarini yoʻlga qoʻydik. Chegara hududlarida zamonaviy savdo-logistika markazlari va maxsus iqtisodiy zonalar barpo etilmoqda, — dedi Prezident.
Hozirgi global geosiyosiy beqarorlik sharoitida mintaqa mamlakatlari duch kelayotgan xavf-xatarlarga eʼtibor qaratib, Oʻzbekiston yetakchisi SPEKA doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha qator amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.
Dasturni iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish borasida yanada taʼsirchan mintaqaviy platformaga aylantirish maqsadida sheriklikning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha ishchi guruhlar faoliyati samaradorligini keskin oshirish, dasturning institutsional asoslarini mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda ESKAP ekspertlari bilan birgalikda “SPEKA–2030” taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
Mintaqaviy savdoni ragʻbatlantirish maqsadida davlatimiz rahbari mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish va eksport-import operatsiyalarini texnik tartibga solish choralarini uygʻunlashtirish borasida jahondagi eng ilgʻor tajriba va amaliyotlarni joriy etishni nazarda tutadigan qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsad muvofiqligini taʼkidladi.
Ushbu choralarning qabul qilinishi, Prezidentimizning fikricha, davlatlarimiz oʻzaro savdo aylanmasini 2030 yilga borib 100 milliard dollarga, uning tarkibidagi sanoat mahsulotlari ulushini esa 70 foizga yetkazish imkonini beradi.
“Yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, logistika, muqobil energetika, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida SPEKAning Maqsadli jamgʻarmasini kelgusi yilning oʻzida tashkil etish va uning amaliy ishini yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi.
– Jamgʻarma xalqaro taraqqiyot institutlari bilan faol ishlashi, ustuvor loyiha va dasturlarga moliyaviy resurslar va grant mablagʻlarini eng maqbul shartlarda jalb etishi lozim. Oʻzbekiston ham uni shakllantirish uchun oʻz moliyaviy hissasini qoʻshishga tayyor, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzaro bogʻliq transport yoʻlaklarini rivojlantirish haqida soʻz yuritar ekan, Prezidentimiz Transkaspiy multimodal yoʻlagi doirasida maʼlumot almashish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan “yoʻl xaritasi”ni hayotga toʻliq tatbiq etish zarurligini taʼkidladi.
Kelgusi yilda Oʻzbekistonda “Raqamli transport marshrutlari” xalqaro forumini oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.
Shuningdek, BMT ixtisoslashgan institutlari bilan mintaqada transport bogʻliqligini kuchaytirish boʻyicha yirik loyihalarni faol ilgari surish niyati bildirildi.
Oʻzbekiston yetakchisi SPEKA doirasida oziq-ovqat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha yuqori darajadagi maxsus ishchi guruhini tuzishni va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda oʻtkazishni taklif etdi.
– Ushbu tadbirning kun tartibidan yetakchi agrosanoat korxonalarimiz oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish va qoʻshimcha qiymat zanjirlarini yaratish, ilmiy-texnologik almashuvlarni ragʻbatlantirish va resurslarni tejaydigan ilgʻor yechimlarni joriy etish, “ekspress” yoʻlaklarni ishga tushirish kabi masalalar asosiy oʻrin egallaydi, — dedi davlatimiz rahbari.
Suv, energetika, ekologiya va qishloq xoʻjaligi sohalari oʻzaro uzviy bogʻliq ekanidan kelib chiqib, SPEKAning keng koʻlamli yangi konseptual hujjatini – koʻp tomonlama “Yashil strategiyasi”ni qabul qilish vaqti kelgani koʻrsatib oʻtildi.
BMT tahlillariga koʻra, suv taqchilligi tufayli mintaqamiz davlatlari har yili qariyb 2 milliard dollargacha mablagʻ yoʻqotmoqda. Bunday murakkab jarayon yanada kuchaysa, muammolar kompleks hal etilmasa, kelgusida aholi jon boshiga suv bilan taʼminlash koʻrsatkichi 25 foizga, hosildorlik esa 40 foizga qisqarib ketishi mumkin, dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Ishbilarmon xotin-qizlarning faol tashabbuslarini va aniq rejalarini doimiy va tizimli ragʻbatlantirish maqsadida SPEKA Tadbirkor ayollari kengashini tuzish taklif qilindi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz ushbu kengash doirasida mamlakatlarimiz ravnaqi va iqtisodiy taraqqiyotiga, umumiy hamkorligimizga beqiyos hissa qoʻshib kelayotgan ayollarni “SPEKA eʼtirofi” xalqaro mukofoti bilan taqdirlash tashabbusini ilgari surdi.
Oʻzbekiston yetakchisi hamkasblarga, Yevropa iqtisodiy komissiyasi va ESKAP rahbariyatiga murojaat qilar ekan, SPEKA doirasida Afgʻoniston bilan ishchi aloqalarni oʻrnatish va hamkorlikni qayta tiklashga chaqirdi.
– Ushbu mamlakatni oʻz muammolari bilan yakka qoldirish mumkin emas. Amaldagi hukumat bilan xalqaro muloqot oʻrnatilmasa, hech qanday ijobiy natijaga erishib boʻlmaydi, — dedi Prezidentimiz.
Mamlakatimiz yetakchisi ikki kun muqaddam Parijda qabul qilingan, YUNYeSKOning Bosh Assambleyasi sessiyasini ilk bor Markaziy Osiyoda – qadimiy Samarqand shahrida 2025 yilda oʻtkazish boʻyicha tarixiy qarorni qoʻllab-quvvatlagani uchun barcha ishtirokchilarga alohida tashakkur izhor etdi.
Soʻzining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqlarimizning barqaror taraqqiyoti va farovonligini taʼminlash maqsadida SPEKA mintaqaviy dasturi doirasidagi koʻp tomonlama sheriklikka sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda Oʻzbekiston Prezidentini Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Yaqub Ayubov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.