Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi yuqori darajali xalqaro konferensiya tadbirlarida ishtirok etayotgan BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) Ijrochi kotibi Olga Algayerovani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari BMT institutlari bilan keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgan sheriklik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Tashkilot mamlakatimizdagi islohotlarga koʻmaklashayotgani uchun minnatdorlik bildirildi.
Olga Algayerova Oʻzbekiston Prezidentiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va yuksak hurmat-ehtirom soʻzlarini yetkazdi.
Mamlakatimizning global maydondagi nufuzi ortib borayotgani, xalqaro hamjamiyat Oʻzbekiston yetakchisining, shu jumladan Markaziy va Janubiy Osiyo bogʻliqligini kuchaytirish boʻyicha tashabbuslarini keng qoʻllab-quvvatlayotgani taʼkidlandi.
Ijrochi kotib Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida eʼlon qilish boʻyicha BMT Bosh Assambleyasining rezolyusiyasi qabul qilinganini hamda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun BMT Maxsus komissiyasidagi (SPEKA) raisligini yuksak baholadi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va YeIK oʻrtasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va pandemiya oqibatlarini yengib oʻtish borasida, jumladan, iqtisodiyot, savdo va transport, innovatsiyalar, ekologiya va boshqa sohalar boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.