Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentyabr kuni Nyu-York shahriga tashrif doirasida oʻziga ajratilgan qarorgohda “Boston Consulting Group” kompaniyasi raisi Rich Lesser va Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasi boʻyicha rahbari Rza Nuriyevni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari AQSHning ushbu konsalting kompaniyasi Oʻzbekistondagi yirik korxonalarning boshqaruvini maqbullashtirish loyihalarida faol ishtirok etayotganini qayd etdi. Oʻtgan yili Toshkent shahrida “Boston Consulting Group”ning ofisi ochildi.
Suhbatda sunʼiy intellekt salohiyatidan foydalangan holda Bilimlar iqtisodiyotiga oʻtish boʻyicha uzoq muddatli kompleks strategiyani, sanoatni rivojlantirish dasturini hamda Oʻzbekiston energetika sohasini rivojlantirish “master rejasi”ni birgalikda ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Investorlar bilan Oʻzbekiston hududlarini rivojlantirishga uzviy bogʻlagan holda ishlash samaradorligini oshirish, davlat korxonalari va banklarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish, banklarning raqamli infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shaharlarni rivojlantirish va energetikadagi loyihalarni ekspertiza jihatidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ham koʻrib chiqildi.