Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida V Butunjahon koʻchmanchilar oʻyinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
«Ostona arena»da boʻlib oʻtgan tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Tatariston Raisi Rustam Minnixanov va boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashdi.
Musobaqada dunyoning 90 ga yaqin davlatidan 2 mingdan ortiq sportchi, jumladan, Oʻzbekiston vakillari ishtirok etmoqda. Hamyurtlarimiz kurash, alish, arqon tortish, kamondan oʻq otish, poyga, pahlavonlar bellashuvi kabi yoʻnalishlarda kuch sinashadi.
Ishtirokchilarga koʻchmanchi xalqlarning boy madaniyati va tarixi, anʼana va urf-odatlariga bagʻishlangan teatrlashtirilgan tomoshasi namoyish etildi.
Marosimdan soʻng davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi. Ostona xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Qozogʻistonning Bosh vaziri Oljas Bektenov kuzatib qoʻydi.