Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini oʻtkazish doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan BMT tizimidagi ushbu yetakchi tuzilmaning bosh kotibi Zurab Pololikashvilini qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston turizm salohiyatini oshirish boʻyicha BMTning ixtisoslashtirilgan instituti bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Turizm tarmogʻini isloh qilishda Oʻzbekistonning strategik hamkoriga aylangan YUNVTO bilan hamkorlikda misli koʻrilmagan yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
“Ipak yoʻlida turizm” brendini keng yoyish, jumladan, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mamlakatimizga turizm yoʻnalishlarini ommalashtirish, malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish borasidagi qoʻshma saʼy-harakatlar yuqori baholandi.
Mamlakatimizda YUNVTO Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi oʻtkazilishi, uning doirasida Samarqand shahrida Xalqaro turizm akademiyasi va “Ipak yoʻli” tematik ofisining ochilishi hamkorlikning muhim amaliy natijalari boʻldi.
YUNVTO bosh kotibi Oʻzbekiston Prezidentiga turizm sohasining joriy yilgi bosh xalqaro tadbiri yuksak saviyada tayyorlanishi va tashkil etilishiga koʻrsatilgan koʻmak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Forumda dunyoning 140 dan ortiq mamlakatidan yuqori darajali delegatsiyalar ishtirok etayotgani global va mintaqaviy turizm markazlaridan biri sifatida Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqish ortib borayotganidan dalolat ekani taʼkidlandi.
Bosh Assambleya doirasida turizm sohasidagi yetakchi kompaniyalar, oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlar ishtirokida investitsiya va taʼlim forumlari ham boʻlib oʻtadi. Ular yakunida mazkur yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish yuzasidani aniq shartnoma va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida yubiley sessiyaning asosiy yakunlarini amalga oshirish uchun qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.