Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Global sayyohlik tashkilotining 140 dan ziyod mamlakat vakillari ishtirokida 20 oktyabr kuniga qadar davom etadigan bosh tadbirida davlatimiz rahbari sohani yanada rivojlantirish boʻyicha bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Oʻzbekiston yetakchisi turizm sohasi jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan biri ekanini qayd etdi. Oʻzbekistonda ham mamlakatni modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli va ortga qaytmas islohotlar doirasida turizm tarmogʻini rivojlantirishga ustuvor eʼtibor qaratilmoqda.
Keyingi yillarda salkam yuzta mamlakat fuqarolari uchun Oʻzbekistonga vizasiz kirish tizimi, yana 55 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etildi.
Sayyohlik biznesining barcha turlarini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi, soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etildi, kredit va moliyaviy yordam kuchaytirildi. Pandemiya cheklovlariga qaramasdan, ikki yil davomida 800 ta infratuzilma loyihasi amalga oshirildi.
Mehmonxona oʻrinlari soni 140 mingtaga yetkazildi, 70 ta yangi sayyohlik marshruti ochildi, 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi.
Natijada Oʻzbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni ikki barobar koʻpaydi. Turizm eksportidan tushayotgan daromad 4 barobar oʻsdi. Hisob-kitoblarga koʻra, joriy yilda mamlakatimizga jami 7 million sayyoh tashrif buyuradi. Ushbu koʻrsatkichni 2030 yilga borib 15 millionga, ichki turizm oqimini esa 25 millionga yetkazish reja qilingan.
Olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar jahon hamjamiyatining eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston eng tez rivojlanayotgan turizm maskani va eng xavfsiz davlat sifatida xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda.
Oʻzbekiston rahbari Turizmni 2030 yilgacha kompleks rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilayotgan strategiyada zamonaviy turizm va transport infratuzilmasini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratilishini taʼkidladi. Yuqori tezlikda harakatlanishga moʻljallangan yangi avtomobil va temir yoʻllar quriladi, aviatransport parki 2 barobar kengaytiriladi, aviaqatnovlar soni toʻrt barobar oshiriladi. Katta shahar va sayyohlar koʻp boradigan manzillarda 30 ta yirik turizm klasterlari tashkil etiladi.
“Koʻhna tarix durdonalari” milliy dasturi doirasida turistlarni oʻziga jalb qiladigan madaniy meros obyektlari soni 800 tadan 2,5 mingtaga yetkaziladi, 745 ta madaniy meros obyekti restavratsiya qilinadi, 20 ta meʼmoriy yodgorlikda “ochiq osmon ostidagi muzey”lar tashkil etiladi.
Ziyorat turizmi dasturi doirasida sayohatga keluvchilar sonini hozirgidan uch barobar koʻproqqa oshiriladi.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan qoʻshma sayyohlik yoʻnalishlarini yaratish masalalari diqqat markazida boʻladi.
Umuman, turizm yoʻnalishlarini rivojlantirish hisobidan kelgusida kamida 1 millionta yangi ish joylari yaratish rejalashtirilgan.
Ayni paytda Oʻzbekiston yetakchisi global turizmning eng dolzarb muammosi – bu turistlarning kafolatlangan xavfsizlik tizimini taʼminlash ekanini qayd etdi. Xalqaro turizm sohasida mustahkam huquqiy asoslarni kuchaytirish maqsadida davlatimiz rahbari BMT doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqishni taklif etdi.
Iqlim oʻzgarishlari tobora kuchayib borayotgan davrda “yashil” turizmni rivojlantirish boʻyicha xalqaro Harakatlar dasturini qabul qilish har qachongidan ham dolzarbligi koʻrsatib oʻtildi. Bu boradagi amaliy qadamlar sifatida YUNVTO doirasida “Yashil” turizmni joriy etish boʻyicha eng yaxshi shahar” nominatsiyasini taʼsis etish, shuningdek, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti hamda Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro universiteti hamkorligida Global “yashil” turizm startaplari laboratoriyasini yaratish taklif qilindi.
Imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yanada kuchaytirish va inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti 2025 yilni “Butunjahon inklyuziv turizm yili” deb eʼlon qilish va maxsus deklaratsiya qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
YUNVTO doirasida tarixiy yodgorliklarni asrash boʻyicha eng ilgʻor tajribalar bilan almashish uchun platforma — Sayyohlik boʻyicha tarixiy shaharlar kengashini tuzish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston kengashning birinchi yigʻilishini Buxoro shahrida tashkil etishga tayyorligi qayd etildi.
Mamlakatimiz yetakchisi yaqinda Samarqandda ochilgan turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha dunyoda oʻxshashi yoʻq YUNVTO Xalqaro turizm akademiyasida mutaxassislarni oʻqitish uchun maxsus grantlar ajratilishini eʼlon qildi.
Oʻzbekiston rahbari yoshlar uchun sayyohlikni rivojlantirish loyihalari hamda yangi gʻoyalarni yaratishda muhim va foydali maydonga aylanadigan Jahon yoshlar turizmi sammitining navbatdagisini Toshkent shahrida oʻtkazishni taklif etdi.
“Ipak yoʻli” brendini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun YUNVTO maxsus xalqaro mukofotini taʼsis etish tashabbusi bildirildi. Ushbu rejani amalga oshirish bilan Samarqandda ochilgan “Ipak yoʻlida turizm” tematik ofisi faol shugʻullanadi.
Global media kampusini taʼsis etish va uning forumlarini har ikki yilda bir marta Bosh Assambleya sessiyalari doirasida oʻtkazish muhimligiga eʼtibor qaratildi. Birinchi media kampusini Oʻzbekistonda qabul qilishga tayyorlik bildirildi.
Davlatimiz rahbari delegatlarni Samarqandni “Madaniy turizmning xalqaro poytaxti” deb eʼlon qilish va tegishli deklaratsiyani qabul qilishga doir tashabbusni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Soʻzining yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Bosh Assambleya sessiyasi muvaffaqiyatli oʻtishini va unda yangi natijalarga erishilishini tiladi.