Oʻzbekiston Prezidenti Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirining oʻrinbosarini qabul qildi

0
142
marta koʻrilgan.

16 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Alan Dunkanni qabul qildi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, keyingi yillarda Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oʻz navbatida, Alan Dunkan koʻrsatilgan mehmondoʻstlik uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirib, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Tereza Meyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Oʻzbekistonda davlat boshqaruvining barcha sohalari va iqtisodiyot tarmoqlarini qamrab olgan keng koʻlamli islohot va yangilanishlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi. 

Bugungi kunda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalar faol davom ettirilmoqda, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya va bank-moliya sohalaridagi hamkorlik kengaymoqda. 2018 yil yakunlariga koʻra oʻzaro savdo hajmida keyingi 10 yildagi eng yuqori oʻsish koʻrsatkichi qayd etildi.  

Joriy yil fevral oyida Toshkent shahrida Buyuk Britaniyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida Savdo va sanoat boʻyicha Oʻzbekiston-Britaniya kengashining navbatdagi yigʻilishi samarali oʻtdi.

Madaniy-gumanitar, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda. Mamlakatimizda Xalqaro Vestminster universiteti va Britaniya kengashining vakolatxonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvda ikki tomonlama amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, Britaniyaning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini, ilgʻor tajriba va texnologiyalarini jalb qilgan holda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, Afgʻonistondagi vaziyatni tez fursatda tinch yoʻl bilan hal etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv soʻngida Oʻzbekiston va Buyuk Britaniyaning mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida intilishi qatʼiy ekani alohida qayd etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.