Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining yigʻilishi doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri davlatimiz rahbariga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Eron Prezidentining oʻtgan yil sentyabr oyida Oʻzbekistonga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston yetakchisi oʻzaro muloqotlar faollashgani, savdo izchil oshib borayotgani va yetakchi korxonalarning kooperatsiyasi kuchayganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni ilgari surish, jumladan, Chobahor va Bandar-Abbos portlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Boʻlajak tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.