Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif doirasida Eron Islom Respublikasi Oliy diniy rahbari oyatulloh Sayid Ali Xomaneiy bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Eron zaminida Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan samimiy qabul va mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Doʻstona suhbatda tomonlar ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratib, Oʻzbekiston bilan Eron oʻrtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada kengaytirish borasida rejalashtirilgan chora-tadbirlarni muhokama qildilar.
Koʻp asrlar davomida xalqlarimizni madaniy-tarixiy mushtaraklik bogʻlab turgani alohida qayd etildi.
Oʻzaro muloqotlar faollashib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, istiqbolli qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Savdo, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport va kommunikatsiyalar, turizm va madaniy-gumanitar almashinuv kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish boʻyicha amaliy ishlar qilinayotgani taʼkidlandi.
Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv samimiy va ishonchli muhitda, konstruktiv muloqot ruhida oʻtdi.
Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Eronga rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi.
Tashrif davomida Oʻzbekiston rahbari Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan tor va kengaytirilgan doirada muzokaralar hamda mamlakatning Oliy diniy rahbari Said Ali Xomaneiy bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb yoʻnalishlari yuzasidan hukumatlararo va idoralararo hujjatlarning salmoqli toʻplami imzolandi.
“Mehrobod” xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Eron sanoat, konchilik va savdo vaziri Abbos Aliobodiy va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi.