Oʻzbekiston Prezidenti Eron Parlamentining rahbari bilan koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

0
107
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi raisi Muhammad Bagir Qolibof boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston bilan Eron oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yuqori surʼatda davom ettirish va ustuvor yoʻnalishlarda kengaytirishga xizmat qilayotgan faol muloqotlar va sermahsul almashinuvlarni mamnuniyat bilan qayd etdi.

Savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik koʻrsatkichlari oʻsayotgani kuzatilmoqda – joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 40 foizga, qoʻshma korxona va loyihalar soni 360 tadan oshdi. Fevral oyida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va yetakchi korxonalari vakillari ishtirokida biznes forum muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Kelgusi oylarda qator muhim ikki tomonlama tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Islomiy Kengash Majlisi raisi Oʻzbekiston yetakchisiga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazib, Eron tomoni doʻst davlatlarimiz oʻrtasidagi keng koʻlamli munosabatlarni mustahkamlash va amaliy mazmun bilan boyitish borasida qatʼiy ekanini taʼkidladi.

Muzokaralarda oʻzaro savdo hajmining oshishi uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, transport va logistika sohasidagi qoʻshma loyihalarni ilgari surish, ilmiy-texnik almashinuv dasturlarini amalga oshirish, hududlar va tadbirkorlar oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Kelishuvlarni amalga oshirish va oʻzaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyihalarini ilgari surish maqsadida samarali parlamentlararo muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.

Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi. Ushbu mamlakatda uzoq muddatli tinchlikka erishish va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi yoʻlidagi koʻmakni kengaytirish muhim ekani qayd etildi.

Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari, shu jumladan joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida oʻtkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kun tartibi koʻrib chiqildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.