Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Tehron shahrida innovatsiyalar va texnologiyalar ixtisoslashtirilgan koʻrgazmasiga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbariga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy va boshqa rasmiy shaxslar hamrohlik qildi.
Koʻrgazmada Eronning yirik ilm-fan va ishlab chiqarish kompaniyalarining yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, mashinasozlik, uskunasozlik, tibbiy texnika, farmatsevtika, zamonaviy qurilish materiallari, toʻqimachilik tarmoqlaridagi mahsulotlari taqdim etilgan.
Oʻzbekiston yetakchisi kompaniyalarning stendlarini koʻzdan kechirdi. Eron sanoatchilari turli turbinalar, dori vositalari va ularning ingrediyentlari, tibbiy uskunalar, neft katalizatorlari va sunʼiy matolar borasidagi eng yangi ishlanmalarini namoyish etdi.
Davlatimiz rahbari kompaniyalar rahbarlari bilan muloqot qildi, yangi texnologiyalarning taqdimotlari bilan tanishdi. Koʻrgazma bilan tanishuv yakunida oʻzbekistonlik mutasaddilarga eronlik tadbirkorlar bilan birgalikda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, mamlakatimizda Eron texnologiyalari va innovatsion yechimlarini joriy qilish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganish topshirildi.
Taʼkidlash joizki, Toshkent shahrida Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyining (IHIT) filiali ochildi. Uning faoliyati innovatsion texnologiyalar va ilmiy ishlanmalar transferi sohasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.