Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 oktyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (EXHT DIIHB) parlament saylovini kuzatish boʻyicha missiyasi rahbari Duglas Ueykni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuvda mamlakatimizda boʻlajak parlament sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Oʻzbekiston bilan EXHT va uning institutlari oʻrtasida ochiq va samarali muloqot oʻrnatilgani, xususan, byuro bilan unumli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Boʻlajak parlament sayloviga tayyorgarlik koʻrish doirasida DIIHB kuzatuvchilari missiyasi faol ishlayotgani yuqori baholandi. Byuro ekspertlari milliy saylov tizimini takomillashtirish jarayonida ishtirok etdilar. Ular bildirgan tavsiya va takliflarning aksariyati inobatga olinib, mamlakatimiz qonunchiligiga tatbiq etildi.
DIIHB vakili missiya faoliyatiga koʻrsatilayotgan eʼtibor uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi hamda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik oʻzgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Bu galgi saylov ilk bor yangilangan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining parlament va mahalliy vakillik organlarining rolini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qoidalari asosida aralash saylov tizimi boʻyicha oʻtkazilayotgani alohida taʼkidlandi.