Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrifning birinchi kunida BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) ofisiga tashrif buyurdi va uning bosh direktori Syuy Dunʼyuy bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston bilan ushbu muhim ixtisoslashtirilgan xalqaro institut oʻrtasidagi hamkorlikni, eng avvalo, agrar tarmoqni modernizatsiya qilish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash kabi ustuvor yoʻnalishlarda kengaytirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillardagi samarali hamkorlik natijalarini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oʻzbekistonda FAO ofisi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Oxirgi bir necha yilda hamkorlik portfeli uch barobar kengaydi va bugungi kunda yer va suvdan foydalanish, agrosanoat majmui, oʻrmon xoʻjaligi, ekologiya, chorvachilik va koʻplab boshqa yoʻnalishlarni qamrab olgan.
Global miqyosda oziq-ovqat xavfsizligiga xatarlar kuchayib borayotgan sharoitda sheriklikni yanada kengaytirishdan tomonlar manfaatdor ekani qayd etildi.
Oziq-ovqat xavfsizligi, fundamental ilmiy tadqiqotlar, qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, Orolboʻyining ekologik muammolarini hal qilish va boshqa sohalarda aniq loyiha va tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadigan 2030 yilga qadar hamkorlik boʻyicha yangi keng koʻlamli dasturni ishlab chiqish ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab olindi.
FAO shafeligida Samarqandda oʻtkaziladigan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaga tayrgarlik masalalari ham muhokama qilindi.
Bosh direktor Syuy Dunʼyuy Oʻzbekistonda agrar sohani modernizatsiya qilishga qaratilgan tarkibiy islohotlarni qoʻllab-quvvatladi.
Uchrashuv yakunida mamlakatimiz yetakchisi bosh direktorga shu yil iyul oyida boʻlajak FAO rahbari saylovida muvaffaqiyatlar tiladi.
Shu bilan 8 iyun kunining tadbirlari yakunlandi. Davlatimiz rahbari Milan shahriga joʻnab ketdi. 9 iyun kun u yerda tashrifning ishbilarmonlik dasturi boʻlib oʻtadi.