Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 sentyabr kuni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dunʼyuyni qabul qildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi nufuzli tarmoq tuzilmasi rahbari shu kunlarda Toshkent shahrida oʻtkazilayotgan Dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan mamlakatlar oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha xalqaro forum doirasida mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Uchrashuv avvalida BMTning yuqori martabali vakili dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan nufuzli delegatsiyalar ishtirok etayotgan forumni muvaffaqiyatli oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlagani uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Suhbat davomida Oʻzbekiston va FAO oʻrtasidagi zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga qarshi samarali chora koʻrish borasidagi strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda amaliy hamkorlikda erishilgan samarali natijalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, 2025 yilgacha boʻlgan davrda hamkorlik boʻyicha mamlakat dasturini bajarish sifat koʻrsatkichlari ikki barobar yaxshilandi. Hozirda 34 ta loyiha faol amalga oshirilmoqda. Oʻtgan bir yil ichida dehqonchilik, maktablarda ovqatlanish, veterinariya, agrokimyo va boshqa sohalarda 7 ta yangi loyiha ishga tushirildi.
Yangi besh yillik sheriklik dasturini tayyorlash va qabul qilish muhimligi taʼkidlandi.
Agrosanoat majmuasini raqamlashtirish, ilgʻor bilim va tajriba almashish, yer fondi unumdorligini oshirish, organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, sugʻorish tizimlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy klasterlar va logistika markazlarini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish boʻyicha istiqbolli qoʻshma loyiha va tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq global va mintaqaviy vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.