Tashrif doirasida Parij shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Fransiya Respublikasining oliy mukofoti — Faxriy legion ordeni bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yuksak mukofotni davlatimiz rahbariga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tantanali ravishda topshirdi.
Oʻzbekiston Prezidenti ikki mamlakat hamkorligini rivojlantirish, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun ushbu ordenga sazovor boʻldi.
Mamlakatimiz yetakchisi mukofot uchun Fransiya rahbariga samimiy minnatdorlik bildirib, keyingi yillarda sermahsul hamkorlikda yuksak natijalarga erishilgani, ikki mamlakat munosabatlari strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Faxriy legion ordeni 1802 yilda taʼsis etilgan. Fransiyada ushbu orden alohida xizmatlarning davlat darajasida eʼtirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisi hisoblanadi.