Oʻzbekiston Prezidenti Fransiyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashdi

0
85
marta koʻrilgan.

Kecha, 21 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida Parij shahrida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda «MEDEF» Fransiya korxonalari harakati bosh direktori Filipp Gotye, «Airbus», «Orano», «Suez», «Alstom», «Total Eren», «EDF», «Schneider Electric», «Natixis» kabi 20 taga yaqin yirik kompaniya va banklar rahbarlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz uchrashuv ishtirokchilarini qutlab, rasmiy tashrifning birinchi kunidagi tadbirlar ishbilarmonlik masalalariga bagʻishlanganiga eʼtibor qaratdi.

– Bu Oʻzbekiston muhim va ishonchli hamkorimiz – Fransiya bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga intilishi qatʼiyligidan yana bir bor dalolat beradi, – dedi davlatimiz rahbari.

Bugun Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgani taʼkidlandi. Valyuta bozori erkinlashtirildi, foydani repatriatsiya qilishga barcha cheklovlar bekor qilindi, banklar, yirik sanoat va infratuzilma obyektlarini xususiylashtirish dasturi boshlandi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari faol joriy qilinmoqda.

Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq tadbirkorlikni yanada ragʻbatlantirish, sarmoyadorlarning huquqlarini himoya qilish, mulk daxlsizligini taʼminlash va boshqa yoʻnalishlarda aniq choralar amalga oshirilmoqda.

— Har bir investor Oʻzbekiston deganda, eng avvalo, barqarorlik va kelajakka ishonchni tasavvur qilishiga intilayapmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jahondagi bugungi beqarorlik sharoitida manfaatlarni hisobga olish va oʻzaro ishonchga asoslangan koʻp qirrali va konstruktiv sheriklikni chuqurlashtirish tobora muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.

Shu maʼnoda, Fransiya biznesining Oʻzbekiston bozoriga chiqishi uchun katta istiqbollar ochilmoqda. Mamlakatimizning jozibadorligi Markaziy Osiyoda aholi soni boʻyicha eng yirik davlatligi, mahsulotlarimiz MDHning ulkan bozoriga bojsiz yetkazib berilayotgani bilan ham izohlanadi.

Oʻzbekiston fransiyalik tadbirkorlarni ishlab chiqarish uchun zarur infratuzilma bilan taʼminlash, imtiyozlar va kafolatlangan xaridlar koʻrinishida qoʻllab-quvvatlash va boshqa koʻmak choralarini taqdim etishga tayyor ekani taʼkidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, “yashil” energetika, oziq-ovqat sanoati, kimyo va avtomobilsozlik, elektrotexnika va elektronika tarmoqlari, sogʻliqni saqlash sohasini uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun eng istiqbolli yoʻnalishlar sifatida qayd etdi.

Sheriklikni kengaytirish rejalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Fransiya ishbilarmon doiralari vakillari oʻz chiqishlarida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi. Mamlakatimizda qaysi aniq loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanini bayon qildi.

Fransiya biznes delegatsiyasining har bir aʼzosi bilan suhbatlashib, davlatimiz rahbari tadbirkorlarni mamlakatimizga kelish va Oʻzbekiston investitsiya kiritish uchun eng qulay joy ekaniga ishonch hosil qilishni taklif qildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekistonning masʼul rahbarlariga tadbirda bildirilgan barcha tashabbuslarni oʻz ichiga olgan hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari, aniq muddatlari va ijrochilari koʻrsatilgan Amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.