Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan Moskva shahriga amaliy tashrifi doirasida 9 may kuni Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 78 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston xalqining Buyuk Gʻalabaga qoʻshgan hissasi beqiyos. 1941 yilda respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etardi. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 million yurtdoshimiz frontga otlandi. Har biri tom maʼnoda qahramon boʻlgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok boʻldi, yana minglab vatandoshimiz urushdan nogiron boʻlib qaytgan.
Xalqimiz tunu kun tinimsiz mehnat qilib, ulkan miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha, dori-darmon zaxiralarini jang maydonlariga uzluksiz yetkazib berdi. Oʻzbekistonga 170 ga yaqin zavod va fabrika evakuatsiya qilindi va qisqa muddatda qayta ishga tushirildi.
Urushdan jabr koʻrgan 1 million 500 mingdan ortiq keksalar, ayollar va bolalar respublikamizga koʻchirib keltirildi. Ularning 200 mingdan ziyodi ota-onasidan ayrilgan etim bolalar edi.
Yurtimizda Ikkinchi jahon urushida jang qilgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan ajdodlarimizning jasoratini abadiylashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Urush qatnashchilari va nogironlari har yili ragʻbatlantirilmoqda, ularning sogʻligʻini asrashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Toshkent shahrida ulkan Gʻalaba bogʻi ochildi, unda “Matonat madhiyasi” yodgorligi va Shon-sharaf muzeyi barpo etildi.
Moskvaning Qizil maydonida Gʻalaba paradi boʻlib oʻtdi. Uni Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham kuzatdi.
Tadbirdan soʻng Oʻzbekiston rahbari boshqa davlatlar yetakchilari bilan birga Aleksandr bogʻidagi “Nomaʼlum askar” yodgorligiga gulchambar qoʻydi va Ikkinchi jahon urushida Vatan himoyasi yoʻlida halok boʻlgan askarlar, shu jumladan oʻzbek oʻgʻlonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Shu bilan Rossiyaga amaliy tashrif yakunlandi. Aeroportda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.