Oʻzbekiston Prezidenti Germaniya biznesi yetakchilari bilan qoʻshma uchrashuvda ishtirok etdi

0
22
marta koʻrilgan.

Ostona shahriga tashrif dasturiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari hamda Germaniyaning ilgʻor kompaniya va banklari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Germaniya ishbilarmon doiralariga “KNAUF”, “Gunter Papenburg”, “CLAAS”, “Siemens Energy”, “Aurubis”, “Ernst Klett”, “Siemens Healthineers”, “Herrenknecht”, “DB Engineering & Consulting”, “Svevind Energy”, “Rhenus”, “HMS Bergbau” kabi yetakchi kompaniya va banklar rahbarlari vakillik qildi.

Oʻzbekiston Prezidenti ishtirokchilarni samimiy qutlar ekan, kuni kecha Samarqand shahrida Germaniya ishbilarmonlari bilan boʻlib oʻtgan samarali uchrashuvning muvaffaqiyatli natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Muzokaralar natijalari mamlakatlarimiz tadbirkorlarida oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish, Germaniya ilgʻor tajribasi va innovatsion texnologik yechimlari asosida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga boʻlgan qiziqishi ortib borayotganini koʻrsatdi.

Davlatimiz rahbari mintaqaviy hamkorlik doirasida Germaniya bilan sheriklikni yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Markaziy Osiyo mintaqasi bugungi kunda barqaror iqtisodiy rivojlanish surʼatlarini namoyon etayotgan keng va jadal bozor ekani taʼkidlandi.

Bunga davlatlar oʻrtasidagi chegaralarning ochilgani, mintaqa ichidagi tovar ayirboshlash, investitsiyalar, yuk tashish hajmi, sayyohlar bordi-keldisi koʻpayishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgani xizmat qildi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo mintaqasining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratdi.

Shu nuqtai nazardan, bugun boʻlib oʻtgan sammitda oʻzaro manfaatli muloqot uchun doimiy maydon — «Markaziy Osiyo va Germaniya» Investorlar va tadbirkorlar kengashini taʼsis etish va uning birinchi uchrashuvini kelgusi yil bahorida Toshkent investitsiya forumi doirasida oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya oʻrtasidagi investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni tayyorlashni taklif qildi. Ushbu hujjatga Germaniya kompaniyalari investitsiyalari oqimini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, shuningdek, ularning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari kiritilishi mumkin.

Bugungi kunda mintaqadagi hamkorlar bilan qoʻshma investitsiya fondlari va kompaniyalari koʻmagida maxsus iqtisodiy zonalar va industrial «xablar» tashkil etilmoqda, sanoat, «yashil» energetika, qishloq xoʻjaligida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda, infratuzilma modernizatsiya qilinmoqda.

Bunday loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida xorijiy mamlakatlarning yetakchi muhandislik markazlari, investitsiya va sanoat korxonalari faol jalb etilmoqda.

Davlatimiz rahbari Germaniya kompaniyalarini mintaqaviy kooperatsiya loyihalarini oʻzaro manfaatli shartlarda amalga oshirishda  faol ishtirok etishga taklif etdi.

Soʻzining yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan ushbu formatdagi muntazam muloqotlar oʻzaro manfaatli koʻp tomonlama hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochishiga ishonch bildirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahriga amaliy tashrifini yakunlab, Toshkentga joʻnab ketdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.