Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 sentyabr kuni Berlin shahrida Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi shafeligida tashkil etilgan Iqtisodiy forum ishida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Germaniya tomonidan alohida topshiriqlar boʻyicha federal vazir, Federal Kansler devoni rahbari Volfgang Shmidt, Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish federal vazirligi davlat kotibi Udo Filipp, Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi raisi Katrina Klaas-Myulxoyzer ishtirok etdi.
Bundan tashqari, forum ishida “CLAAS”, “Siemens Energy”, “Knauf”, “Linde”, “Papenburg”, “BayWa”, “WILO”, “IPEX-Bank”, “Commerzbank”, “AKA”, “Mangold Consulting”, “Deutsche Bahn”, “DB E.C.O.”, “Euler Hermes”, “Ernst Klett”, “SMS Group”, “Deutsche Bank”, “Evonik Industries”, “John Deere”, “BASF”, “Airbus” kabi Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari qatnashdi.
Oʻzbekiston yetakchisi bugungi tadbir Germaniya biznesida Markaziy Osiyo mamlakatlari bozoridagi faoliyatini kengaytirishga qiziqish ortib borayotganidan dalolat ekanini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Investitsiyaviy, innovatsiyaviy va texnologik hamkorlik masalalari, yuqori texnologik tarmoqlarda, shuningdek, “yashil” energetika, xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, logistika va transport, kadrlar tayyorlash boʻyicha kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari koʻrsatib oʻtildi.
– Biz sizlar bilan birgalikda mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish boʻyicha katta ish olib bormoqdamiz, samarali qoʻshilgan qiymat zanjirlari va minglab yangi ish oʻrinlarini yaratmoqdamiz. Biz ochiq muloqot uchun yangi maydonlar va doimiy platformalar paydo boʻlishidan manfaatdormiz, – dedi Prezidentimiz.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlar rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qoʻshma loyiha va korxonalar soni ikki barobar koʻpaydi.
– Barchangiz koʻp qirrali Oʻzbekiston-Germaniya munosabatlarini rivojlantirish uchun haqiqatda katta hissa qoʻshyapsiz, loyihalaringiz esa uzoq muddatli muvaffaqiyatli hamkorlikka misol boʻla oladi. Men buni juda qadrlayman, — dedi davlatimiz rahbari.
Mamlakatimiz yetakchisi Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor jihatlariga toʻxtalib, qator istiqbolli yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi.
Bu, eng avvalo, kooperatsiyani rivojlantirish hamda Germaniya kompaniyalarining Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirishdir. Davlatimiz rahbari xaridorgir sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.
Mintaqaviy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Prezidentimiz Oʻzbekistonda Germaniya yetakchi ishlab chiqaruvchilarining yuqori sanoat texnologiyalari boʻyicha Markaziy Osiyo koʻrgazmasini oʻtkazish taklifini bildirdi.
Sheriklikning eng muhim yoʻnalishlaridan biri – “yashil” energetika. Oʻzbekiston rahbari muqobil energetikani rivojlantirish borasida germaniyalik hamkorlar bilan muvaffaqiyatli tajriba va istiqbolli kooperatsiya loyihalari borligini taʼkidladi.
Mintaqa darajasida “yashil” iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirish uchun Germaniya muhandislik-loyihalashtirish markazlari va sanoat xoldinglari bilan hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilish taklif etildi.
Prezidentimiz eng muhim xomashyo resurslari sohasida ularni qayta ishlashga ilgʻor texnologik yechimlarni jalb qilish va sanoat mahsulotlarining eksportini tashkil etish boʻyicha qoʻshma loyihalar muhimligini qayd etdi.
Oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
– Markaziy Osiyo ichki ehtiyojlarni toʻliq taʼminlash va Yevropa mamlakatlariga sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish uchun zarur salohiyatga ega, — dedi davlatimiz rahbari.
Shu maʼnoda, yurtimiz qishloq va suv xoʻjaligi sohalariga Germaniya kompaniyalarining energiya samarador va raqamli texnologiyalarini jalb qilishga tayyor ekani taʼkidlandi.
Oziq-ovqat sohasida qoʻshma mintaqaviy tadbirlar oʻtkazish taklif qilindi.
Prezidentimiz transport va logistika borasidagi hamkorlikka ham toʻxtaldi. Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bogʻlaydigan samarali yoʻnalishlarni rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Transport loyihalarini ekspertiza jihatidan qoʻllab-quvvatlash uchun Germaniyaning yetakchi tashkilot va kompaniyalari mutaxassislarini jalb qilish taklifi bildirildi.
Malakali mutaxassislarni tayyorlash borasidagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash koʻp qirrali Oʻzbekiston-Germaniya hamkorligini rivojlantirishning muhim yoʻnalishi sifatida qayd etildi.
Yakunda davlatimiz rahbari Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik tashabbuslari va qoʻshma investitsiya loyihalariga har tomonlama koʻmaklashishga tayyorligini tasdiqlab, Markaziy Osiyo Germaniya biznesi uchun katta imkoniyatlar mintaqasi ekanini taʼkidladi.