Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 sentyabr kuni Berlin shahridagi birinchi “Markaziy Osiyo — Germaniya” sammiti doirasida Germaniya Federativ Respublikasi Kansleri Olaf Shols bilan muzokara oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari koʻrib chiqildi, Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ishbilarmonlik sohasidagi sheriklikni kengaytirish, iqtisodiyot, investitsiya, transport, energetika va boshqa sohalarda kooperatsiyani chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston rahbarining joriy yil may oyidagi Berlinga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirishga kuchli surʼat bagʻishlagani taʼkidlandi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va sanoat kooperatsiyasi koʻrsatkichlari ikki barobar oʻsdi. Mamlakatimizda Germaniyaning “Volkswagen”, “MAN”, “CLAAS”, “Siemens”, “Linde”, “Aurubis”, “Henkel”, “Knauf”, “Papenburg”, “Deutsche Kabel” va koʻplab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
Togʻ-kon, energetika, kimyo, elektrotexnika, toʻqimachilik sanoati va infratuzilma boʻyicha yangi loyihalar portfeli shakllantirilgan.
Davlatimiz rahbari qoʻshma iqtisodiy tadbirlarni muntazam oʻtkazib borish, muqobil energetikani rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi va suv resurslari boshqaruvini raqamlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, moliyaviy vositalarni kengaytirish, ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, migratsiya va koʻchuvchanlik sohasida hamkorlik qilish boʻyicha qator aniq takliflarni ilgari surdi.
Madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirish, fan va taʼlim sohalarida qoʻshma dasturlarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.
Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan, shu jumladan Afgʻonistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelishga taklif etdi