Oʻzbekiston Prezidenti Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashdi

0
72
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga tashrifi doirasida 3 may kuni ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Germaniya tomonidan tadbirda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi, Germaniya-Oʻzbekiston ishbilarmonlar kengashi, Germaniya energetika agentligi, “CLAAS”, “Knauf”, “Siemens Energy”, “Lasselsberger”, “Aurubis”, “Linde Group”, “Gunter Papenburg”, “Falk-Porsche-Technik”, “Mangold Consulting”, “DB Engineering”, “Landesbank”, “Commerzbank”, “KfW Bank”, “Deutsche Bank” kabi oʻttizga yaqin eng yirik kompaniya va banklar rahbarlari qatnashdi.

Bunday formatdagi muloqot ilk bor 2019 yil yanvarida, davlatimiz rahbarining GFRga rasmiy tashrifi doirasida boʻlib oʻtgan edi.

Natijada Oʻzbekistonda iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish boʻyicha bir qator yuqori texnologik loyihalar ishga tushirildi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik sezilarli ravishda faollashdi.

Oʻzbekiston Prezidenti uchrashuvni ochar ekan, Germaniya bilan munosabatlarda yuksak ishonch va oʻzaro hurmat qaror topganini alohida qayd etdi. Yurtimizda germaniyalik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 5 milliard yevrodan ziyod 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.

Oxirgi yillarning oʻzida Germaniya investitsiyalari hajmi 4 milliard yevroni tashkil qildi, qoʻshma korxonalar soni ikki barobarga koʻpaydi. Oʻzbekistonda “CLAAS”, “Knauf”, “Gunter Papenburg”, “Linde Group” va “Falk-Porsche-Technik” kabi Germaniya iqtisodiyotining “lokomotivlari” muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.

Oʻzbekiston tomonidan Bosh vazir raisligidagi Germaniya-Oʻzbekiston ishbilarmonlar kengashi hamkorlikni muntazam muvofiqlashtirib borishning muhim mexanizmiga aylandi.

Prezidentimiz ushbu tashrif davomida erishilgan muhim kelishuvlar va istiqbolga moʻljallangan rejalarni amalga oshirishda asosiy rolni aynan ishbilarmon doiralar oʻynashi mumkin va lozimligini qayd etdi.

Xususan, kuni kecha oʻtgan Oʻzbekiston-Germaniya biznes forumi doirasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va texnologik sheriklikni kengaytirish boʻyicha 9 milliard yevrolik yangi savdo, moliya va investitsiya bitimlari imzolandi.

“Yashil” energetika, transport infratuzilmasini rivojlantirish, metallurgiya, suv taʼminoti, qishloq xoʻjaligi, kimyo, togʻ-kon, avtomobil, toʻqimachilik, elektrotexnika sanoati va boshqa yoʻnalishlardagi katta loyihalar shular jumlasidan.

Bank-moliya sohasida, shu jumladan Germaniyaning “Deutsche Bank”, “Commerzbank”, “KfW” va “Landesbank” kabi eng yirik banklari bilan loyihalarni moliyalashtirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston jahon iqtisodiyotidagi keng koʻlamli va jiddiy tebranishlar sharoitida Germaniya biznesi uchun samarali va ishonchli makon boʻlishga tayyorligini taʼkidladi.

Shu maqsadda investorlar uchun zarur sharoitlar va noyob imkoniyatlar, qulay fiskal tizim yaratilgan – soliqlar soni kamaytirildi, QQS stavkalari pasaytirildi, bir qator bojxona bojlari bekor qilindi. Maʼmuriy islohotlar amalga oshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasiga muvofiq, xususiy mulk daxlsizligi kafolatlari kuchaytirildi, davlat halol raqobat va sud tizimi mustaqilligi uchun sharoit yaratishiga oid qoidalar aniq mustahkamlab qoʻyildi.

Endilikda investorlarning huquqlari taʼminlanishi va ularning sudda himoya qilinishi davlat tomonidan kafolatlanishi alohida qayd etildi. Bundan buyon tadbirkorlar emas, davlat idoralari oʻz qarorlarining qonuniyligini isbotlashga majbur. Shuningdek, yuzaga keladigan har qanday noaniqliklar investorlar foydasiga hal etiladi.

– Xorijiy investor Oʻzbekiston deganda, birinchi navbatda, barqarorlik, ishonchlilik va kelajak uchun xotirjamlikni koʻz oldiga keltirishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev – Har bir germaniyalik tadbirkor mamlakatimizda oʻzini erkin va dadil his etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Germaniyaning ilgʻor ishlanmalari va innovatsion texnologiyalarni Oʻzbekistonning resurslari va inson salohiyati bilan birlashtirsak, katta natijalarga erisha olamiz.

Tadbirkorlar bilan muloqot Germaniya biznes hamjamiyatining hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi katta ekanini yana bir bor namoyish etdi.

Fikr almashish chogʻida GFR ishbilarmon doiralari vakillari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyatini yuksak baholab, bu yurtimizda investitsiyaviy faoliyat yuritish boʻyicha Germaniya biznesining eng dadil va uzoq muddatli rejalarini roʻyobga chiqarishga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Uchrashuvda Germaniya kompaniyalari rahbarlari aniq takliflarini aytdi. Ustuvor sohalarda yuqori texnologik va innovatsion yechimlarni joriy qilgan holda amaliy hamkorlikni davom ettirish va kooperatsiyani kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniya biznesi vakillariga dolzarb tashabbuslari uchun samimiy minnatdorlik bildirib, muloqot mazmunli boʻlganini mamnuniyat bilan qayd etdi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga loyihalarni birgalikda ishlab chiqish, umuman, tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni nazada tutuvchi “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlashga topshiriq berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.