Oʻzbekiston Prezidenti global iqlim oʻzgarishi oqibatlarini birgalikda yengib oʻtish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi

0
20
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 11 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Boku shahriga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

 Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni Boku shahrida oʻtayotgan BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasidagi Jahon yetakchilari sammitining yalpi majlisida nutq soʻzladi.

Tadbirda dunyoning 80 dan ortiq mamlakatidan davlat va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari  rahbarlari ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni ushbu tarixiy sammitni muvaffaqiyatli tashkil etgani bilan samimiy tabriklab, Ozarbayjonning bugungi iqlim tahdidlariga qarshi kurashish maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha faol saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatladi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, iqlim oʻzgarishlari bugungi kunda asosiy global tahdidga aylanib, geosiyosiy keskinlikning kuchayishiga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda.

Kambagʻallikka qarshi kurash, oziq-ovqat va energetik xavfsizlikni taʼminlash, ichimlik suvi va resurslaridan foydalanish muammolari kuchayib bormoqda.

Iqlim oʻzgarishlarining oqibatini Markaziy Osiyo oʻtkir his qilmoqda.

Ular aholining turmush sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini roʻyobga chiqarish yoʻlida toʻsiqqa aylanmoqda.

Parij kelishuvlari doirasida asosiy maqsad – mintaqada havo haroratini jadal oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik, ushbu koʻrsatkichlarni joriy yuz yillikda 1,5-2 gradus atrofida saqlab qolishdan iborat.

Bu borada Oʻzbekistonda uglerod neytralligiga erishish boʻyicha keng miqyosdagi islohotlar olib borilmoqda. 2030 yilgacha havoga issiqxona gazi chiqarishni uchdan bir qismga kamaytirish rejalashtirilgan. Bu majburiyatlar 2050 yilga qadar yanada kengaytiriladi. “Yashil” energetika ulushi 40 foizga yetadi.

Elektromobillar va «yashil» vodorod ishlab chiqarish klasterlari barpo etilmoqda, quyosh va shamol generatsiyasi xablari yaratilmoqda. «Yashil makon» dasturi doirasida koʻkalamzor hududlar kengaytirilmoqda.

Qoʻshni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasi amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda Yevropaga «yashil» energiya yetkazib berishni tashkil etish toʻgʻrisida koʻp tomonlama bitim imzolanadi.  
Global iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini birgalikda yengib oʻtish maqsadida Oʻzbekiston yetakchisi qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, rivojlanayotgan mamlakatlar duch kelayotgan iqlim xatarlarini tanqidiy tahlil va moliyaviy baholash uchun yetakchi davlatlar, koʻp tomonlama institutlar va konvensiyalarning texnik va moliyaviy koʻmagini kengaytirish maqsadida Iqlim tufayli yoʻqotish va zararlarni baholash boʻyicha xalqaro markaz taʼsis etish taklif qilindi.

Atrof-muhit ifloslanishi bilan bogʻliq xatarlarni qisqartirish, barqaror bioxilma-xillik va transchegaraviy suv resurslari masalalarida yagona yondashuvlar ishlab chiqish zarurligini qayd etib, davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini taʼminlash sohasida majburiyatlar toʻgʻrisidagi Deklaratsiyani ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda oʻsimliklarning iqlimga chidamliligini oshirish uchun Genetik resurslarning mintaqaviy bankini hamda dengizga chiqish yoʻliga ega boʻlmagan mamlakatlar uchun BMTning innovatsion agrosanoat xabini tashkil etish taklif qilindi.

Iqlim oʻzgarishlaridan zarar koʻrayotgan megapolis va shaharlarning barqaror rivojlanishi va yashash uchun qulay sharoitlar yaratish sohasida tajriba va bilim, eng yaxshi amaliyotlar transferi uchun Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etish hamda uning birinchi forumini Toshkentda oʻtkazish tashabbusi bildirildi.

Prezidentimiz COP29 mamlakatlari vakillarini kelgusi yili 15 mayda – Xalqaro iqlim kunida Orolboʻyida oʻtkaziladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global festivalida ishtirok etishga taklif etdi.

Soʻzining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston umumiy farovonlik va uzoq muddatli “yashil” taraqqiyot yoʻlida ochiq muloqot va amaliy sheriklikka doim tayyor ekanini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.