Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan 12 yanvar kuni “Global Janub ovozi” sammitining yalpi majlisida ishtirok etadi deya xabar beradi president.uz.
Hindiston raisligida onlayn shaklda oʻtkaziladigan tadbirda Bangladesh, Vyetnam, Kambodja, Moʻgʻuliston, Birlashgan Arab Amirliklari, Tailand va boshqa mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari ham qatnashadi. Jami 120 ta mamlakat delegatsiyalari taklif qilingan.
Hindistonning “Katta yigirmatalik”dagi raisligi doirasida oʻtkazilayotgan sammitning maqsadi rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surish va dolzarb muammolarini hal etish yoʻlida, shu jumladan iqtisodiyot, ekologiya, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, sogʻliqni saqlash, inson resurslarini rivojlantirish, innovatsiyalar, turizm va boshqa yoʻnalishlardagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida fikr almashish va aniq takliflarni ishlab chiqishdan iborat.