Oʻzbekiston Prezidenti Gruziya bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini qayd etdi

0
35
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-logistika, turizm va madaniyat sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Parlamentlar va hukumatlar darajasidagi aloqalar faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. 2024 yilda oʻzaro tovar ayirboshlash 50 foizga oshdi, qoʻshma korxonalar soni va yuk aylanmasi hajmi koʻpaydi. Poytaxtlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda gruziyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan raqamli bank faoliyat yuritmoqda. Gumanitar yoʻnalishda oʻtgan yili Tbilisi shahrida Oʻzbekiston madaniyati va kinosi kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Suhbatda shu kunlarda Toshkent shahrida oʻtgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishining yakunlari yuksak baholandi.

Tovar ayirboshlash surʼatini saqlab qolish, eksport va import mutanosibligini taʼminlash, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, ikki mamlakat hududlarini iqtisodiy hamkorlikka faol jalb qilish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashgan choralar koʻrish muhimligi qayd etildi.

Raqamlashtirish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi sheriklik va almashinuvlarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida kelgusida Oʻzbekiston va Gruziya hukumatlari darajasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.