Xalqaro konferensiya doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankarni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston-Hindiston strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari oliy darajadagi muntazam muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Vazir Jayshankar Oʻzbekiston yetakchisiga Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi bogʻliqlikni, shuningdek, Afgʻonistonda tinchlikka erishish va ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan mintaqaviy loyihalarni ilgari surish borasidagi saʼy-harakatlari yuksak baholandi.
Uchrashuvda ikki mamlakat hududlarini faol jalb qilgan holda investitsiyalar, innovatsiyalar, savdo, biznes, logistika, axborot texnologiyalari, sogʻliqni saqlash va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish muhim ekan taʼkidlandi.
Mamlakatlarimiz “Hindiston – Markaziy Osiyo” formatidagi samarali muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.