Oʻzbekiston Prezidenti Hindistonning Gujarat shtati delegatsiyasini qabul qildi

0
139
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 oktyabr kuni mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan Hindiston Respublikasi Gujarat shtati bosh vaziri Vijay Rupani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Prezidentimiz mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik izchil rivojlanayotgani, doʻstlik va strategik sheriklik mustahkamlanib borayotganini alohida taʼkidladi.

Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar, jumladan, oʻtgan yilning oktyabr oyida Dehli shahriga va joriy yilning yanvar oyida Gandinagar shahriga (Gujarat shtatining maʼmuriy markazi) amalga oshirilgan tashriflar koʻp qirrali ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilgani qayd etildi. 

Vijay Rupani, oʻz navbatida, davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Yuqori martabali mehmon Gujarat shtati delegatsiyasining tashrifi doirasida Andijon, Samarqand, Buxoro va Toshkentda oʻtgan uchrashuv va muzokaralar, avvalo, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng koʻlamda amalga oshirishga koʻmaklashishga qaratilganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Biotexnologiyalar va agroklasterlar, toʻqimachilik, farmatsevtika sanoati, avtomobillar uchun butlovchi qismlar va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish, mehmonxona infratuzilmasini boshqarish kabi sohalarda va boshqa yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Joriy yil Oʻzbekistonda birgalikda ochilgan oliy taʼlim muassasalarida va Hindistonning yetakchi oliy taʼlim dargohlari negizida talab yuqori boʻlgan muhandislik-texnik mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash hamda taʼlim sohasi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Oʻzbekiston hamda Gujarat shtatining yetakchi kompaniya va tashkilotlari oʻrtasida samarali sheriklikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasini” tez fursatda ishlab chiqishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida Vijay Rupani mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va xalqlarimiz doʻstligini mustahkamlashda har tomonlama koʻmaklashishga tayyorligini tasdiqladi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.