Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 may kuni Xiva shahrida boʻlib oʻtadigan Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar turizm vazirlari yigʻilishida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malikni qabul qildi.
Ilm-fan, madaniyat, taʼlim va turizm sohalarida ushbu nufuzli mintaqaviy tuzilma bilan konstruktiv muloqot va samarali hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
ICESCO bosh direktori samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor etib, mamlakatimizda boy ilmiy va madaniy merosni asrab-avaylash, har tomonlama oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan siyosat natijalarini yuqori baholadi.
Oʻzbekiston Prezidenti tashkilot bilan oʻzaro manfaatli va jadal hamkorlikning bugungi darajasini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.
2007 yilda Toshkent shahri Islom madaniyati poytaxti deb eʼlon qilingan, 2020 yilda Buxoro shahri, 2025 yil uchun esa Samarqand shahri ushbu maqomga ega boʻldi.
Joriy yilda Xiva Islom dunyosining turizm poytaxti hisoblanadi. Toshkent shahridagi Xalqaro islom akademiyasida ICESCOning Islom sivilizatsiyasini oʻrganish boʻyicha maxsus kafedrasi faoliyat yuritmoqda.
Hamkorlikning yangi yoʻnalishlari sifatida qoʻlyozmalar va boshqa tarixiy yodgorliklarni saqlash, restavratsiya qilish boʻyicha tajriba almashish, bu boradagi loyihalarni amalga oshirish, arab tili oʻqituvchilarini tayyorlash va malakasini oshirish, xalqaro ilmiy va madaniy tadbirlarni tashkil etish belgilandi.
Amaliy sheriklikni yanada kengaytirish va qoʻshma loyihalarni ilgari surish maqsadida Oʻzbekistonda ICESCOning mintaqaviy vakolatxonasini ochish masalasi oʻrganiladi.