Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) videoanjuman shaklida oʻtgan 14-sammiti ishida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan raisligida oʻtgan tadbirda Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻani, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon, shuningdek, IHT bosh kotibi Hadi Sulaymonpur, mintaqaviy tuzilmalar rahbarlari ham ishtirok etdi.
Sammit kun tartibiga muvofiq COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda ushbu nufuzli tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti hududi – bu tarixi, dini, madaniyati va qadriyatlari mushtarak, ulkan salohiyatga ega boʻlgan mintaqa ekanini alohida taʼkidladi.
Pandemiya sharoitlarida mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining kuchli va zaif tomonlari yaqqol koʻringani qayd etildi. Ushbu xatar mintaqa mamlakatlari bir-biriga oʻzaro bogʻliq ekani, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish zarurligini ochiq-oydin namoyon etdi.
Shu bilan birga, IHTga aʼzo mamlakatlarning mavjud salohiyati va keng imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmayapti, deb taʼkidladi Oʻzbekiston Prezidenti.
2025 yilga qadar davrga moʻljallab qabul qilingan harakatlar dasturi doirasida koʻp tomonlama sheriklikni rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Oʻzaro savdo va investitsiyalarni koʻpaytirish maqsadida karantin chora-tadbirlari doirasida oʻrnatilgan savdo, transportga doir cheklov va toʻsiqlarni bekor qilish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi. Bundan tashqari, savdoni raqamlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish borasidagi yechimlarni keng joriy etish hamda savdo boʻyicha mintaqaviy bitimni tez fursatda qabul qilish taklif etildi.
Oʻzaro kelishilgan “yoʻl xaritasi” asosida mamlakatlarimizning yetakchi korxonalari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash ham muhim yoʻnalishlardan biri sifatida qayd etildi. Bu boradagi loyihalarni ilgari surish uchun moliyaviy hamkorlik mexanizmlarini kengaytirish hamda mamlakatlarimizning yetakchi bank institutlari ishtirokida mintaqaviy forum oʻtkazish taklif etildi.
Transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlik strategik muhim ustuvor yoʻnalish etib belgilandi. Mamlakatimiz Oʻzbekiston-Turkmaniston-Eron-Oʻmon va Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy transport yoʻlaklarini, Turkiya va Yevropa mamlakatlariga eltuvchi marshrutlarni rivojlantirishdan manfaatdor.
Afgʻonistonning barqaror taraqqiyotini taʼminlash va mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish maqsadida yangi “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yoʻlini qurish muhim ekani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari qayd etgan yana bir muhim yoʻnalish – oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash.
Shu munosabat bilan BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti bilan birgalikda tegishli dasturni ishlab chiqish hamda uni joriy yil mamlakatimizda oʻtkazilishi rejalashtirilgan IHT davlatlari qishloq xoʻjaligi vazirlarining navbatdagi uchrashuvida taqdim etish taklif qilindi.
Energetika haqida soʻz yuritar ekan, Oʻzbekiston Prezidenti sohaga, birinchi navbatda qayta tiklanuvchi energetikaga ilgʻor texnologik yechimlar va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida oʻrta muddatli strategiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Iqlim oʻzgarishining global oqibatlariga qarshi kurashishda saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligi, sogʻliqni saqlash sohasida, shu jumladan zamonaviy tahdid va xatarlarni monitoring qilish va ularga qarshi tezkor chora koʻrish boʻyicha hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya tashkilotga samarali raislik qilgani uchun Prezident Rejep Tayyip Erdogʻanga minnatdorlik bildirib, raislik Turkmanistonga oʻtgani munosabati bilan Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovni tabrikladi va unga muvaffaqiyatlar tiladi.
Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan, ayniqsa, Yevroosiyo makonidagi mintaqalarning iqtisodiy oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslar va aniq takliflar birlashmaga aʼzo mamlakatlar yetakchilari tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi.
IHTga aʼzo mamlakatlar yetakchilari oʻz nutqlarida mintaqada oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport va kommunikatsiyalar, energetika, qishloq xoʻjaligi, sanoat, sogʻliqni saqlash, turizm va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni ilgari surishning istiqbollariga toʻxtaldilar. Tashkilotning navbatdagi, 15-sammitini Turkmanistonda oʻtkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.