Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun 4 mart kuni videoanjuman shaklida oʻtadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 14-sammiti ishida ishtirok etadi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
1985 yilda tashkil etilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bugungi kunda nufuzli mintaqaviy birlashma hisoblanadi. Ushbu koʻp tomonlama tuzilmaning asosiy maqsadi savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, kommunikatsiyalar, energetika, qishloq xoʻjaligi va sanoat kabi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Bugungi kunda 10 ta davlat IHTga aʼzo. Bular – Oʻzbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Afgʻoniston.
Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlarining Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan raisligida oʻtadigan uchrashuvi kun tartibidan COVID-19 dan keyingi davrda mintaqada amaliy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari oʻrin olgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz nutqida mintaqaviy sheriklikni kengaytirish istiqbollari borasidagi fikr-mulohazalarini bayon etishi, shuningdek, pandemiya oqibatlarini yengib oʻtish, savdo aloqalarini tiklash, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, transport va logistika, oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida qoʻshma dasturlarni amalga oshirish, “yashil” iqtisodiyot va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qator takliflarni ilgari surishi kutilmoqda.