Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida shu kunlarda Milan shahrida oʻtayotgan “ITMA 2023” toʻqimachilik mashinasozligi xalqaro koʻrgazmasi bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbariga Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana va koʻrgazma tashkilotchisi – “Sematex” agentligi rahbari Ernesto Maurer hamrohlik qildi.
“ITMA 2023” – har toʻrt yilda bir marta oʻtkaziladigan toʻqimachilik va tikuvchilik texnologiyalariga bagʻishlangan dunyodagi eng yirik koʻrgazma. Oxirgi koʻrgazma 2019 yilda Barselona shahrida oʻtdi. Joriy yilda 20 gektar maydonni egallagan koʻrgazmada 47 mamlakatdan 1 700 ishtirokchi hamda turli davlatlardan 100 ming nafarga yaqin mehmon ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari yigirish va toʻqish uskunalarini ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi boʻlgan “ITEMA” (Italiya), “Stäubli Group” (Shveysariya), “Picanol”, “Vandewiele” (Belgiya) va boshqa kompaniyalarning stendlarini koʻzdan kechirdi.
Tashrif chogʻida Shavkat Mirziyoyev kompaniyalar rahbarlari bilan muloqot qildi, yangi texnologik yechimlarning taqdimotlari bilan tanishdi.
Oʻzbekistonda toʻqimachilikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma dasturlarni yoʻlga qoʻyish, yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, toʻquv uskunalari va ularning ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, kompaniyalarning vakolatxonalari va dastgohlarga xizmat koʻrsatish markazlarini ochish, texnologlarni tayyorlash dasturini ishlab chiqish, fan va zamonaviy texnologiyalar borasida hamkorlik oʻrnatish va boshqa tashabbuslar muhokama qilindi.
Prezidentimiz robototexnika va sunʼiy intellektdan foydalangan holda yangi, talab yuqori boʻlgan “super-materiallar” yaratish maqsadida yurtimizda matoga ishlov berish uchun eng zamonaviy uskunalar va innovatsion yechimlarni joriy qilish istiqbolli ekanini qayd etdi.
Yangi texnologiyalar yuqori qoʻshilgan qiymatga ega xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarish, toʻqimachilik tarmogʻining eksport salohiyatini oshirishga, uskunalarni ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar esa yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Tanishuv yakunida mutasaddi rahbarlarga Oʻzbekistonda uskunalarni mahalliylashtirish, ishlab chiqarish quvvatlarini relokatsiya qilish va oʻquv dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganish topshirildi.
Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Italiya Respublikasiga tadbirlarga boy tarixiy tashrifi yakuniga yetdi.
Davlatimiz rahbari Rimda Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va Bosh vaziri Jorja Meloni bilan samarali muzokaralar oʻtkazdi. Ikki mamlakat oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiya qabul qilindi.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti bosh direktori Syuy Dunʼyuy bilan ham uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Milan shahrida ishbilarmonlik tadbirlari oʻtkazildi. Prezidentimiz Lombardiya gubernatori Attilio Fontanani qabul qildi, Italiyaning yirik kompaniyalari vakillari bilan davra suhbati oʻtkazdi hamda toʻqimachilik mashinasozligi koʻrgazmasiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasidagi tadbirlar yakunlangach, Milanning “Malpense” aeroportida davlatimiz rahbarini Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi. Prezidentimiz Toshkentga joʻnab ketdi.