30 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Jahon banki vitse-prezidenti Anna Byerde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Oʻzbekiston bilan ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizdagi eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini ilgari surish boʻyicha hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Anna Byerde va Jahon banki jamoasini sermahsul hamkorlikning 30 yilligi bilan samimiy tabrikladi.
Keyingi yillarda sheriklik yuqori surʼatda rivojlanib, tobora natijador boʻlib borayotgani alohida taʼkidlandi. Ushbu davrda qoʻshma loyihalar portfeli qariyb 4 barobar kengayib, 8 milliard dollardan oshdi.
Birgina oʻtgan yilda tegishli “yoʻl xaritasi”ga muvofiq Jahon banki qishloq xoʻjaligi, energetika, ekologiya, moliya va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha 1 milliard dollarlik 6 ta ustuvor loyihaning moliyalashtirilishini maʼqulladi.
Bankning faol koʻmagi bilan bugungi kunda Oʻzbekistonda agrar, energetika va transport tarmoqlarida kompleks yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Jahon banki tomonidan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga hamohang boʻlgan 2026 yilga qadar Mamlakat dasturi qabul qilindi.
Vitse-prezident Anna Byerde yurtimizdagi islohotlarning muvaffaqiyatini yuqori baholab, bankning keng koʻlamli sheriklikni yanada kengaytirishga intilishi qatʼiy ekanini tasdiqladi.
Bank qishloq joylarda turmush darajasini yuksaltirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish, qishloq xoʻjaligini transformatsiya qilish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish, taʼlim va sogʻliqni saqlashni modernizatsiyalash, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash kabi muhim yoʻnalishlardagi yangilanishlarni jadallashtirish maqsadida ekspertlik va moliyaviy koʻmakni yanada kengaytirishga tayyor ekani taʼkidlandi.
Markaziy Osiyoning barqarorligi va barqaror taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan strategik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Jahon banki oʻrtasidagi sheriklikni muhim yoʻnalishlarda kengaytirish boʻyicha yangilangan “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.