Oʻzbekiston Prezidenti Jahon banki bilan strategik sheriklikni kengaytirish muhimligini qayd etdi

0
59
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 mart kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Anna Byerde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston va Jahon banki guruhi oʻrtasidagi strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlikni, shuningdek, ushbu yetakchi xalqaro institutning mamlakatimizdagi islohotlar dasturini ilgari surishdagi faol ishtirokini kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Anna Byerdeni yaqinda yangi lavozimga tayinlangani bilan samimiy qutladi va masʼuliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Amaliy hamkorlikning yuqori surʼati va natijadorligi katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda qoʻshma loyihalar portfeli sezilarli darajada kengayib, 10 milliard dollardan oshdi. Bunda, 2017 yildan keyingi davrdagi moliyalashtirish hajmining yarmi oxirgi bir necha yilda ajratilgan. Bugun Oʻzbekiston Bankning eng yirik benefitsiarlaridan biriga aylandi.

Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasining muhim yoʻnalishlariga asoslangan 2022-2026 yillarga moʻljallangan Sheriklik dasturi qabul qilingan va amalga oshirilmoqda. Kambagʻallikka qarshi kurashish, energetika tarmogʻini transformatsiya qilish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, xususiylashtirishni boshlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini ishlab chiqish, sogʻliqni saqlash tizimini qoʻllab-quvvatlash va koʻplab boshqa yoʻnalishlarda sezilarli natijalarga erishildi.

Vitse-prezident Jahon bankining mamlakatimizdagi ortga qaytmas islohotlar strategiyasini bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashga intilishi qatʼiy ekanini taʼkidladi.

Bank kambagʻallikka qarshi kurashish, tadbirkorlik loyihalarini rivojlantirish va moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqish, qishloq infratuzilmasi va oʻrta shaharlarni modernizatsiya qilish, xotin-qizlar bandligi va yoshlarning kasbiy taʼlimi, 2030 yilga qadar sogʻliqni saqlash strategiyasini amalga oshirish boʻyicha keng koʻlamli rejalarga faol koʻmaklashish niyatida.

Iqtisodiyotni karbonsizlashtirish va muqobil energetikani rivojlantirish, elektr energiyasi ishlab chiqarish va uzatish sohasida master-rejalar, energetik samaradorlikni oshirish dasturi va favqulodda vaziyatlarda energotizimning barqaror ishlash rejimini ishlab chiqish, gidroenergetika loyihalariga ekspertlar koʻmagini va moliyalashtirishni jalb qilish hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.

Oʻzbekistonning iqlim oʻzgarishlari va taraqqiyoti boʻyicha mamlakat hisobotini muhokama qilishga bagʻishlangan qoʻshma tadbirning yakunlari yuksak baholandi.

Byudjetni qoʻllab-quvvatlash, yer islohoti, qishloq va suv xoʻjaligini moliyalashtirish samaradorligini oshirish hamda davlat banklari va korxonalarini xususiylashtirish dasturini jadallashtirish borasidagi amaliy ishlarni davom ettirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Islohotlar va ustuvor loyihalarni ilgari surish uchun Jahon bankining “Mamlakat platformasi” imkoniyatlaridan keng foydalanilishi taʼkidlandi.

Bank Markaziy Osiyoda barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan strategik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishi muhim ekani koʻrsatib oʻtildi.

Ustuvor loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni tezlashtirish yuzasidan qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.