Oʻzbekiston Prezidenti Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi

0
104
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 fevral kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Jahon banki guruhi oʻrtasidagi samarali sheriklik jadal rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladi.

Keyingi yillardagi izchil aloqalar va konstruktiv muloqot ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, uni yangi istiqbolli dasturlar bilan boyitishga xizmat qilgani qayd etildi. Oʻzaro hamkorlik samaradorligi va ushbu nufuzli xalqaro moliya instituti investitsiyalari hajmi salmoqli darajada oshdi. 

Bugungi kunda hamkorlik portfelini bankning 4,5 milliard dollarlik imtiyozli moliyaviy resurslarini jalb etgan holda amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan 40 ga yaqin loyiha tashkil etadi. Ular raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, energetika, transport, shahar va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, ilgʻor va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qishloq xoʻjaligini intensiv rivojlantirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish kabi koʻplab muhim soha va yoʻnalishlarni qamrab olgan.

2020 yilgacha moʻljallangan uzoq muddatli Sheriklik dasturi doirasida oʻtgan yili bankning Direktorlar kengashi tomonidan qiymati 1,4 milliard dollardan ziyod boʻlgan yangi loyihalar maʼqullandi.

Bundan tashqari, Jahon bankining yetakchi ekspertlari soliq tizimi va fuqarolik aviatsiyasi tarmogʻini isloh etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Jahon banki guruhi oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.

Bank-moliya sohasini rivojlantirish, tadbirkorlik va iqtisodiyotning real sektorini qoʻllab-quvvatlash, davlat korxonalari va agrosanoat kompleksini isloh etish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga davlat-xususiy sheriklik mexanizmini joriy etish va boshqa yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim ekani alohida taʼkidlandi.

Iqtisodiy kengash doirasida uzoq muddatli hamkorlik dasturini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Jahon banki vitse-prezidenti Siril Myuller davlatimiz rahbariga samimiy qabul hamda Oʻzbekistonda bank loyihalarini amalga oshirishga qaratilayotgan eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi.

U Oʻzbekistonning qimmatli qogʻozlari xalqaro fond bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirilgani, suveren reytinglar olingani hamda mamlakatimizning xalqaro reytingi oshgani yangi bosqichda amalga oshirilayotgan keng miqyosli iqtisodiy islohotlarning dunyodagi eʼtirofi ekanini alohida taʼkidladi.

Jahon banki Oʻzbekiston va butun mintaqaning barqaror taraqqiyotiga koʻmaklashish maqsadida mamlakatimiz bilan oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyorligi taʼkidlandi. 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.