Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari boʻyicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston va Jahon banki guruhi oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Joriy yilda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut rahbariyati bilan oʻtkazilgan qator samarali uchrashuvlar, jumladan may oyida bank prezidenti Jim Yon Kim bilan Vashingtonda hamda yanvar oyida bosh ijrochi direktor Kristalina Georgiyeva bilan Toshkentda oʻtgan uchrashuvlar aloqalarni faollashtirish va oʻzaro munosabatlarning yangi yoʻnalishlarini belgilash, shuningdek, Oʻzbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan istiqbolli loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga xizmat qildi.
Bugungi kunda mamlakatimizning Jahon banki bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik portfeli umumiy qiymati 4,4 milliard dollarlik imtiyozli kredit mablagʻlari yoʻnaltirilgan 39 ta loyihani oʻz ichiga oladi.
Ular energetika, transport va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, ilgʻor va energetik jihatdan samarali texnologiyalarni jalb etish, agrosanoat kompleksini jadal rivojlantirish, suv resurslarini samarali boshqarish, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimlarini takomillashtirish kabi ustuvor sohalarni qamrab olgan.
Hozirgi vaqtda 2020 yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan Hamkorlik dasturi doirasida 20 dan ziyod yangi loyiha koʻrib chiqilmoqda.
Bankning yetakchi ekspertlari Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini ishlab chiqishda ishtirok etdi. Qoʻshma iqtisodiy kengashni shakllantirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston va Jahon banki oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, «Yoʻl xaritasi»ni tayyorlash asosida sarmoyaviy loyihalarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, milliy kadrlarning malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi, fuqarolik aviatsiyasi va qayta tiklanadigan energetika sohalarida, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida muhim qoʻshma loyihalarni amalga oshirish borasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi qayd etildi.
Siril Myuller davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Jahon banki prezidenti Jim Yong Kimning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Bank respublikamizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohot va yangilanishlarni qoʻllab-quvvatlash, mamlakatimiz va butun mintaqaning barqaror taraqqiyotini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekani yana bir bor qayd etildi.