Oʻzbekiston Prezidenti «Jeneral Elektrik» kompaniyasi vitse-prezidentini qabul qildi

0
149
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 15 fevral kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan AQSHning «Jeneral elektrik» kompaniyasi vitse-prezidenti Ronald Jeyms Pollettni qabul qildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

«Jeneral elektrik» kompaniyasi jahonning koʻp tarmoqli yetakchi korporatsiyalaridan biridir. Bugungi kunda energetika, mashinasozlik, aniq uskunasozlik, elektr texnikasi, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, zamonaviy tibbiyot texnologiyalari, moliya va boshqa koʻplab sohalarda faoliyat yuritadi. 

Kompaniya dunyoning 180 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritmoqda, uning korxonalarida 300 mingdan ziyod kishi mehnat qiladi. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, kompaniya 120 milliard dollardan ziyod daromad olgan.

Uchrashuvda «Jeneral elektrik» kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyati kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda energetika infratuzilmasi obyektlarini modernizatsiya qilish, jumladan, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalarini qurish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasi quvvatlarini kengaytirishning ikkinchi bosqichini amalga oshirish, Pskom gidroelektr stansiyasini barpo etish, gaz yetkazish tizimini rivojlantirish borasida qator ustuvor loyihalar, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi va sogʻliqni saqlash sohalarida qoʻshma dasturlar ishlab chiqilmoqda va amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari energetika tarmogʻidagi oʻzaro manfaatli texnologik sheriklik hamda ishlab chiqarish kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini alohida taʼkidladi.

Mamlakatimizda, jumladan, xorijning yetakchi mutaxassislari va ekspertlarini jalb qilgan holda, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ronald Jeyms Pollett Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul hamda yuqori texnologiyali tarmoqlarda ikki tomonlama hamkorlikka doir loyiha va dasturlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

U «Jeneral elektrik» kompaniyasi mamlakatimiz korxona va tashkilotlari bilan uzoq muddatli va keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.