Davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shenchjen shahrida Xitoyning yetakchi “BYD” kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ushbu kompaniya zamonaviy innovatsion avtomobillar va yangi avlod akkumulyator batareyalarini ishlab chiqarish sohasida global peshqadamdir.
Tashrif chogʻida kompaniya yutuqlariga bagʻishlangan koʻrgazma, avtomobillar va boshqa turdagi texnikalarning ishlab chiqarilayotgan va istiqbolli modellari, kompaniyaning yangi texnologiyalari va ilgʻor ishlanmalari namoyishi boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari kompaniya prezidenti Van Chuanfu bilan birga Jizzax viloyatida yiliga 50 ming dona gibrid va elektr avtomobillarni yigʻish boʻyicha loyihani ishga tushirishga bagʻishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.
Prezidentimiz yaqin istiqbolda bozordagi talabdan kelib chiqib modellar qatorini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatini yiliga 300 ming donagacha oshirish zarurligini koʻrsatib oʻtdi.
Shuningdek, kompaniyaning mamlakatimizda “BYD” elektr avtobuslarini yigʻishni yoʻlga qoʻyish, ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish va muhandislik-servis markazlarini tashkil etish borasidagi rejalari qoʻllab-quvvatlandi.
Tashrif chogʻida kompaniya Oʻzbekistonga 10 minginchi avtomobilini yetkazib berganining ramzi sifatida davlatimiz rahbariga YANGWANG U8 avtomobili hadya qilindi.