Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozon shahrida “Kelajak oʻyinlari” birinchi xalqaro multisport musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
“Qozon Ekspo” xalqaro koʻrgazmalar markazida boʻlib oʻtgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashdi.
Ishtirokchilar eʼtiboriga “Kelajak oʻyinlari” dasturiga kirgan sport turlari haqida videolavha va teatrlashtirilgan sahna koʻrinishi taqdim etildi.
Davlatimiz rahbari ishtirokchilarga omad tilab, 2026 yilgi “Kelajak oʻyinlari”ni Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif qildi.
Marosimdan soʻng oliy martabali mehmonlar maxsus koʻrgazma bilan tanishdilar. Virtual makondagi bellashuvlar va anʼanaviy sportni oʻzida mujassam etgan “fijital-sport” konsepsiyasi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Yetakchilar kibersport musobaqalarini, fijital-futbol boʻyicha mashgʻulotlar jarayonini kuzatdilar, sportdagi yangi yoʻnalishning bugungi rivoji va istiqbollari haqida hikoya qiluvchi tasviriy sanʼat namunalari va taqdimotlar bilan tanishdilar.
“Kelajak oʻyinlari” – bellashuvlar bir vaqtning oʻzida sportning anʼanaviy turlari va ularning raqamli muqobillarida oʻtkaziladigan yuqori texnologik musobaqadir. U joriy yilning 21 fevral kunidan 3 mart kuniga qadar davom etadi.
Turnirda 100 dan ortiq mamlakatdan qariyb 300 ta jamoa, shu jumladan Oʻzbekiston vakillari ishtirok etmoqda. Yurtdoshlarimiz fijital-xokkey, virtual velopoyga, sport dasturlash kabi yoʻnalishlarda kuch sinashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozon shahriga amaliy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi. Abdulla Toʻqay nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Tatariston Raisi Rustam Minnixanov kuzatib qoʻydi.