Oʻzbekiston Prezidenti Koreya Respublikasi bilan keng koʻlamli sheriklikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi

0
96
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Pak Chin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya oʻrtasidagi doʻstlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, keng koʻlamli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohalarda kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri Pak Chin mamlakatimiz yetakchisiga Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbatda doʻst xalqlarimizni chuqur tarixiy rishtalar, oʻxshash mentalitet, anʼanalar va maʼnaviy qadriyatlar bogʻlab turgani alohida taʼkidlandi.

Har doimgidek yaqin va konstruktiv siyosiy muloqotni, xalqaro tashkilotlar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Jahon savdo tashkiloti doirasidagi oʻzaro koʻmakni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ham koʻrib chiqildi.

Prezidentimiz ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida toʻxtaldi.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi tovar almashinuvi 24 foizga oshdi. Koreya kompaniyalaridan oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 7 milliard dollardan ortdi.

Umumiy qiymati 5 milliard dollar boʻlgan istiqbolli loyihalar portfeli “yashil” energetika, raqamli texnologiyalar, mashinasozlik, kimyo sanoati, elektrotexnika va toʻqimachilik tarmoqlari, infratuzilmaviy rivojlanish, shaharsozlik va koʻplab boshqa yoʻnalishlarni qamrab oladi.

Mamlakatimiz Oʻzbekistonning muhim investitsiyaviy va texnologik hamkorlari boʻlgan Janubiy Koreya yetakchi kompaniyalari bilan kooperatsiya aloqalarini kuchaytirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Katta yoshdagilar uchun toʻrtinchi darajali koʻp tarmoqli shifoxona, onkologiya klinikasi, farmatsevtika klasteri va tibbiyot yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasasini barpo etish boʻyicha ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega loyihalarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Yarim oʻtkazgichlar innovatsion klasterini barpo etish hamda Nodir metallar va qotishmalar markazi faoliyatini rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olindi.

Oʻtgan yilda Oʻzbekistonda istiqomat qilayotganining 85 yilligini nishonlagan koreys millatiga mansub koʻp sonli yurtdoshlarimizni yanada qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan Toshkent shahridagi Koreys madaniyati va sanʼati uyi faoliyatini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.