Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 sentyabr kuni Koreya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Gyon Xo boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida Bosh vazir oʻrinbosari Chxu Gyon Xo davlatimiz rahbariga Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbatda azaldan yaqin doʻstlik rishtalariga, xalqlarimizning mentaliteti, anʼana va qadriyatlari oʻxshashligiga asoslangan ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Janubiy Koreya bilan keng koʻlamli hamkorlikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish masalalariga toʻxtaldi.
Keyingi yillarda oʻzaro savdo va investitsiya koʻrsatkichlari barqaror oshib bormoqda. Oʻtgan yilda tovar ayirboshlash 24 foizga koʻpaydi. Mamlakatimizda qariyb mingta qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda, Koreyadan investitsiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshdi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan koʻp yillar davomida samarali hamkorlik qilinayotgani, ular bilan birgalikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3 milliard dollardan ziyodni tashkil etgani yuqori baholandi.
Muvaffaqiyatli amalga oshirilgan qoʻshma loyihalar qatorida koʻp tarmoqli bolalar shifoxonasi, toʻqimachilik texnoparki, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi va nodir metallar boʻyicha markazlar qayd etildi.
Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan texnologik va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni jadallashtirish, infatuzilma, “yashil” energetika, davlat boshqaruvi, moliya, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash borasidagi qoʻshma loyihalarni ilgari surish amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida koʻrsatib oʻtildi.
Ikki mamlakat hududlari oʻrtasida samarali muloqotlarni yoʻlga qoʻyish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish uchun keng imkoniyatlar borligi taʼkidlandi.