Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 oktyabr kuni Koreyaning yetakchi «SK Group» kompaniyasi raisi, Koreya Respublikasi Savdo-sanoat palatasi rahbari Che Txe Von boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlari, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Uchrashuvda “SK Group” kompaniyasi bilan yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish, xususan, Toshkent viloyatida mis folga ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi istiqbolli loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi. Yarimoʻtkazgichlar sanoatida muhandislik kadrlarini tayyorlash va ilmiy izlanishlar oʻtkazish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.
Koreya Savdo-sanoat palatasi ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini ustuvor tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb qilishda faol ishtirok etishi muhimligi qayd etildi.