Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 iyul kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Shayx Muhammad bin Salmon Ol Saud raisligida oʻtgan tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum, Kuvayt Davlati Amiri oʻrinbosari, Valiahdi shayx Mishʼal al-Ahmad al-Jobir as-Saboh, Oʻmon Sultonligi Bosh vaziri oʻrinbosari Asad bin Toriq al-Said, Bahrayn Podshohining maxsus vakili Shayx Nosir bin Hamad Al Xalifa hamda Kengash bosh kotibi Jasim Muhammad al-Budayviy ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, konstruktiv siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Prezidentimiz oʻz nutqida Markaziy Osiyo va Koʻrfaz mintaqasi xalqlari oʻrtasidagi munosabatlar tarixi uzoq ekanini, yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyat va anʼanalar, muqaddas islom dinimiz ularning asosini tashkil etishini alohida taʼkidladi.
Movarounnahr va Arabiston diyorlari oʻrtasidagi tarixiy aloqalarni rivojlantirishda buyuk mutafakkir va alloma bobolarimizning beqiyos xizmatlari borligi qayd etildi. “Barcha muhaddislarning peshvosi” – ulugʻ alloma Imom Buxoriy ana shunday siymolardan biridir.
– Musulmon dunyosidagi oltita buyuk muhaddisning ikki nafari mintaqamizda tugʻilib kamol topgani, qadimiy Buxoro esa “Qubbatul Islom” nomi bilan shuhrat qozonganidan gʻururlanamiz. Maʼlumki, toʻqqizinchi asr boshida Abbosiylar davlatining poytaxtidagi “Donishmandlar uyi” akademiyasida Markaziy Osiyolik 200 dan ortiq allomalar ilmiy faoliyat olib borganlar. Muso Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Fargʻoniy, Ibn Sino kabi ulugʻ allomalarimiz esa bebaho ilmiy asarlarini aynan goʻzal va mukammal arab tilida yaratib, butun dunyoda shon-shuhrat qozonganlar, – dedi Oʻzbekiston rahbari.
Hozirgi vaziyatga baho berar ekan, mamlakatimiz yetakchisi bugungi xavf-xatarlarga qaramay, ikkala mintaqa ham tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni boʻlib kelayotganini taʼkidladi. Ayni paytda Markaziy Osiyo va Koʻrfaz davlatlari bir-birlariga ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida qaramoqda.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonning Koʻrfaz mamlakatlari bilan aloqalari yangi bosqichga koʻtarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ushbu ijobiy tajribadan kelib chiqib, mintaqalarimiz oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni bir qator yoʻnalishlarda kengaytirish taklif etildi.
Siyosiy sohada. Oʻzbekiston rahbari keng qamrovli hamkorlikni turli formatlarda rivojlantirish muhimligini koʻrsatib oʻtdi.
Birodar davlatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish maqsadida kelgusida koʻp tomonlama Doʻstlik, mintaqalararo bogʻliqlik va hamkorlik Bitimini ishlab chiqish masalasini oʻrganish taklif etildi.
Ikkinchi yoʻnalish – yuqori texnologiyalar va investitsiyalar sohasidagi hamkorlik. Davlatimiz rahbari innovatsiyalar, “sunʼiy” intellekt, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, “aqlli qishloq xoʻjaligi”, nano- va biotexnologiyalar sohalaridagi hamkorlik platformalari va ishchi mexanizmlarini yaratish zarurligini qayd etdi. Biznes vakillari ishtirokida Qoʻshma investorlar kengashini taʼsis etish va uning dastlabki yigʻilishini Samarqandda oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.
– Mintaqamizda Koʻrfazdagi hamkorlar tomonidan tashkil etilgan investitsiya fondlarining salohiyatidan samarali foydalanish va yetakchi banklar faoliyatini kengaytirishdan manfaatdormiz. Shuningdek, “yashil” energetika loyihalarini birgalikda amalga oshirish maqsadida alohida “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish muhim, deb hisoblayman, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
Uchinchi yoʻnalish savdo va transport bogʻliqligini kuchaytirishdan iborat. Davlatimiz rahbari Koʻrfaz davlatlari bilan erkin savdo rejimini joriy etish, texnik reglamentlarni uygʻunlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Shu munosabat bilan koʻp tomonlama Savdo bitimini ishlab chiqish va qabul qilish taklif etildi.
Transport va tranzit sohasida Oʻrta transport koridorida eng maqbul tariflarni qoʻllash, Afgʻoniston orqali mavjud multimodal yoʻlaklardan keng foydalanish, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni maqsadli subsidiyalash yordamida koʻpaytirish taklifi bildirildi.
Davlatimiz rahbari hamkorlarni Koʻrfaz davlatlarini eng yaqin va qulay yoʻl orqali mintaqamiz bilan bogʻlaydigan Trans-Afgʻon temir yoʻlini qurish strategik loyihasida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Navbatdagi muhim yoʻnalish – ekologiya va iqlim oʻzgarishi masalalari. Yurtimizda ochilayotgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti negizida birgalikda xalqaro tadqiqotlar dasturini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.
Ishtirokchilarning eʼtibori beshinchi yoʻnalish – turizm sohasiga qaratildi. “Koʻrfaz – Markaziy Osiyo” yagona vizasiz sayyohlik makonini va turistlar uchun moʻljallangan zamonaviy klasterlarni yaratish, qoʻshma turistik mahsulotlarni koʻpaytirish hamda 2024 yilda Islom dunyosi turizm poytaxti, deb eʼlon qilingan Xiva shahrida mintaqalarimiz yetakchi sayyohlik operatorlari forumini oʻtkazish taklif qilindi.
Islom hamkorlik tashkiloti doirasida dunyoda kuzatilayotgan islomofobiya holatlariga qarshi birgalikda kurashish masalasiga alohida toʻxtalindi.
Bundan tashqari, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash sohasida, shuningdek, bunday tahdidlarning internet va vositalar orqali tarqalishidan yoshlarni himoya qilish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Prezidenti Afgʻonistonda tinchlikka erishish masalalariga toʻxtalib oʻtdi.
– Bizning mintaqalarimiz tashabbuskor boʻlib, katta-katta minbarlardan Afgʻoniston muammolariga butun dunyo eʼtiborini jalb etishimiz, afgʻon xalqining hayotini yengil qilishga munosib hissa qoʻshishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Soʻzining yakunida Prezidentimiz bugungi tarixiy sammit natijalari albatta Koʻrfaz va Markaziy Osiyo mintaqalari oʻrtasidagi koʻp qirrali aloqalarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Yigʻilish yakunida Qoʻshma bayonot qabul qilindi.
Sammit ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasining “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvni Samarqand shahrida oʻtkazish taklifini qoʻllab-quvvatladilar.