Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 dekabr kuni Toshkent shahridagi Kongress markazida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tadbirda mukofot asoschisi – Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari, 40 dan ziyod mamlakat delegatsiyalari, shu jumladan ushbu xalqaro mukofot sovrindorlari qatnashdi.
Davlatimiz rahbari forum ishtirokchilarini qutlar ekan, Qatar Amiri va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasiga tadbirni Oʻzbekistonda oʻtkazish taklifi uchun minnatdorlik bildirdi. Qatar delegatsiyasi va xalqini 18 dekabr kuni keng nishonlangan Mustaqillik bayrami bilan samimiy tabrikladi.
Oʻzbekiston yetakchisi bugungi kunda Qatar global hamkorlik va diplomatiya markaziga aylanib borayotganini, yuksak saviyada oʻtkazilgan futbol boʻyicha jahon chempionati, Kam rivojlangan davlatlar boʻyicha xalqaro konferensiya va “Ekspo Doha– 2023” butunjahon koʻrgazmasi, koʻplab xalqaro tashabbuslar buning tasdigʻi ekanini taʼkidladi.
Davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi tadbir ham maqsadlarimiz uygʻun va hamohang ekanining yorqin ramziy ifodasidir.
Oʻzbekiston Prezidenti taʼkidlaganidek, shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri boʻlgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida global mukofotning taʼsis etilgani va uni topshirishga bagʻishlangan marosimlar barcha qitʼalarda oʻtkazib kelinayotgani yuksak eʼtirofga sazovordir.
– Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu nufuzli mukofot orqali korrupsiyaga qarshi kurashishga oʻzining munosib hissasini qoʻshayotgan jahondagi eng faol shaxslarning eʼtirof etilishi 2003 yilda qabul qilingan BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi talablarini hayotga izchil va toʻliq tatbiq etishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga toʻsqinlik qiladigan xatarli tahdid ekanini qayd etdi.
Tahlillarga koʻra, hozirda korrupsiyaning dunyo miqyosidagi zarari 3 trillion AQSH dollariga yaqin miqdorni tashkil qilmoqda. “Ammo men bu katta raqamlar haqiqiy holatni va korrupsiya natijasida koʻrilayotgan real zararning aniq hajmini toʻliq ifoda eta olmaydi, deb hisoblayman”, dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Bugun Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida huquqiy va institutsional islohotlarni tizimli amalga oshirayotgani, BMT, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotgani taʼkidlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinib, maxsus vakolatli Agentlik tashkil etilgan.
Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini taʼminlash va masʼuliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar amaliyotga keng joriy etilmoqda.
Xususan, barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yoʻlga qoʻyildi. Davlat xaridlari toʻliq raqamlashtirildi.
Oʻzbekiston 2021 yilda Xalqaro Ochiq maʼlumotlar xartiyasiga aʼzo boʻldi. Mamlakatimiz Istanbul harakatlar dasturi, Global operativ tarmoq, Yevroosiyo va Egmont guruhlari, boshqa koʻplab platformalarda samarali ishtirok etib kelmoqda. Gʻarbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish tarmogʻining Kotibiyati vazifasini bajarmoqda.
Har yili Toshkentda anʼanaviy Xalqaro aksilkorrupsiya forumi oʻtkazib kelinmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimiz “Transparency International” indeksida 42 pogʻonaga koʻtarildi va bu borada mintaqamizda eng yuqori oʻrinni egallamoqda. 2030 yilga qadar mazkur reytingdagi oʻrnimizni yana 50 pogʻonaga yaxshilash maqsadini koʻzlaganmiz.
“Open Data Inventory” reytingida esa joriy yilda 30-oʻringa koʻtarildik. Ochiq maʼlumotlar manbalari boʻyicha Oʻzbekiston dunyoda 4-oʻrindan joy olgan.
— Demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olgan Yangi Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham katta reja va vazifalarni oʻz oldimizga qoʻyganmiz, — dedi davlatimiz rahbari.
Ularga erishish maqsadida Prezidentimiz qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Eng avvalo, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2030 yilgacha moʻljallangan milliy strategiya ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etiladi.
Unda davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini taʼminlash va hisobdorligini oshirish, ochiq maʼlumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida urgʻu beriladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus va yangi loyihalarni qoʻllab-quvvatlaydi va ularda faol qatnashadi. Bu borada oʻtgan oyda Toshkentda ishga tushgan Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasining Mintaqaviy platformasidan keng foydalaniladi.
Shu bilan birga, nodavlat notijorat tashkilotlarini faol jalb etgan holda, oʻzaro tajriba almashish va muloqotlarni kuchaytirish, ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida Korrupsiya muammolari boʻyicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xorijiy turdosh muassasalar bilan yaqin hamkorligi kuchaytiriladi, bu uning salohiyatini yanada oshiradi. Eng ilgʻor xalqaro tajribaga asoslangan yangi mexanizmlar tatbiq qilinadi, jumladan, korrupsiya holatlari boʻyicha “dastlabki oʻrganish” – korrupsion surishtiruv instituti joriy etiladi.
Bolalikdan “halollik vaksinasi” bilan emlangan yangi avlodni kamolga yetkazish ustuvor vazifa sifatida qayd etildi. mizdir. BMTning Korrupsiyaga qarshi taʼlim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi dasturini Oʻzbekistonda keng joriy etish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Prezidenti korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha jurnalistlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish va ular taʼsirini yanada oshirish uchun Global media forumni oʻtkazish taklifini bildirdi.
Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari nufuzli mukofot bilan taqdirlanganlarni dildan qutlab, ularga adolatni taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlariga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Oʻzbekiston Prezidenti Qatar Amiri bilan birgalikda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yuksak xalqaro mukofotini uning egalariga tantanali topshirdi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashdagi yutuqlar” nominatsiyasida “Transparency International” xalqaro tashkilotining sobiq raisi Xose Karlos Ugas Sanches Moreno (Peru) sovrindor boʻldi.
“Taʼlim va akademik tadqiqotlar” nominatsiyasida Singapur Milliy universiteti sobiq professori Djon Kua (Singapur) va Zagreb universiteti professori Sunchana Roksandich (Xorvatiya) gʻolib boʻldi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashishda yoshlar ijodi va faolligi” uchun mukofotlar “Youth4IntegrityBuilding” nodavlat tashkilotiga (Keniya) – direktor Damaris Asvega hamda “All4Integrity” nodavlat tashkilotiga – asoschisi Andre Korrea D’Almeydega topshirildi.
“Innovatsiyalar va jurnalistik surishtiruvlar” nominatsiyasida surishtiruvchi muxbir Kler Ryukasl-Braun (Buyuk Britaniya) va Buyuk Britaniya Xalqaro taraqqiyot vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimining sobiq rahbari Fil Meyson sovrindor boʻldi.
“Sportni korrupsiyadan himoya qilish” nominatsiyasida mukofotlarga jurnalist va “BBC” boshlovchisi Vayxiga Mvaura (Keniya) va “Central European News” axborot agentligi muharriri Shantanu Guxa Rey (Hindiston) munosib topildi.