Oʻzbekiston Prezidenti Lombardiya viloyati bilan hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdi

0
31
marta koʻrilgan.

Rasmiy tashrif bilan Italiyada boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  rasmiy tashrifning ikkinchi kunida Rimdan Milan shahriga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

“Malpense” aeroportida oliy martabali mehmonni Lombardiya viloyati rahbariyati kutib oldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  Milan shahrida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Italiya shimolida joylashgan Lombardiya mamlakatning aholi soni va maydoni boʻyicha eng yirik hamda iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. Viloyat respublika yalpi ichki mahsulotining 22 foizini taʼminlaydi va bu koʻrsatkich boʻyicha Yevropa Ittifoqida beshinchi oʻrinni egallaydi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Attilio Fontanani gubernator etib qayta saylangani bilan tabrikladi va ushbu lavozimdagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Kuni kecha Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va Bosh vazir Jorja Meloni bilan oʻtgan muzokaralar samarali boʻlgani mamnuniyat bilan qayd etilib, ular davomida hududlararo aloqalarni rivojlantirish qoʻllab-quvvatlangani taʼkidlandi.

Uchrashuvda, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Oʻtgan yilda Oʻzbekiston hududlarining Lombardiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 83 foizga oshdi. Aprel oyida Milan va Toshkent oʻrtasidagi aviaqatnovlar qayta tiklandi.

Hududning Pietro Fiorentini, Terranova, Danieli, Fin. Opera kabi yetakchi kompaniyalari bilan mustahkam sheriklik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshma savdo va investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish, Italiyaning ilgʻor texnologiya va bilimlarini Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlariga yanada keng jalb qilish muhimligini taʼkidladi.

Lombardiya bilan keng koʻlamli hamkorlik dasturini tez fursatda tayyorlash, Samarqandda qoʻshma investitsiya forumini oʻtkazish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslarini ilgari surish uchun qulay sharoitlar yaratish, tibbiyotda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish, innovatsiyalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, shu jumladan Madaniyat kunlarini oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Gubernator Lombardiya ishbilarmon doiralarining Oʻzbekistondagi loyiha va tashabbuslari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. Mamlakatimiz hududlari bilan keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli sheriklikka koʻmaklashishga tayyorligini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Attilio Fontanaga 2026 yilda Lombardiyada boʻlib oʻtadigan qishki Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.