Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 iyun kuni Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori doktor Ngozi Okonjo-Ivealani qabul qildi.
Uchrashuvda mamlakatimizning JSTga qoʻshilishi borasida koʻrilayotgan amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Qisqa muddat ichida Ishchi guruhning ikkita yigʻilishi oʻtkazilgani, aʼzo mamlakatlar bilan faol muzokaralar olib borilayotgani, qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash shartlari muhokama qilina boshlangani va milliy qonunchilikni tashkilotning meʼyor va qoidalariga muvofiqlashtirish ishlari davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, elektron savdo va raqamli xizmatlar eksportini oshirish sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.
Xalqaro savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha oʻzbekistonlik ekspertlarning salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, JSTning koʻmagi bilan Oʻzbekistonda Savdo siyosati boʻyicha kompetensiya markazini tashkil etish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari JST bosh direktoriga davra suhbatida ishtirok etgani va Oʻzbekistonning yetakchi universitetlari talabalari bilan uchrashgani uchun minnatdorlik bildirib, unga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faxriy doktori unvoni berilgani bilan tabrikladi.
Uchrashuv yakunida Ngozi Okonjo-Iveala Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo boʻlish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.