Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalqaro futbol federatsiyasi rahbari Janni Infantino bilan 5 may kuni oʻtkazgan uchrashuvda mamlakatimizda futbolni ommalashtirish va yirik tadbirlarni birgalikda oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Nufuzli global sport tashkiloti rahbari mamlakatimizda futbolni rivojlantirish, unga yoshlar va qizlarni keng jalb qilish, isteʼdodlarni tarbiyalash, ommabop va zamonaviy infratuzilmani yaratish, malakali murabbiylar va soha mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan islohotlarni yuksak baholadi va toʻliq qoʻllab-quvvatladi.
Janni Infantino Oʻzbekiston yetakchisini yoshlar terma jamoamiz yaqinda Osiyo Kubogida gʻalaba qozongani bilan samimiy tabrikladi. Bu sohada amalga oshirilayotgan amaliy ishlar samaradorligining navbatdagi tasdigʻi ekanini taʼkidladi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va FIFA oʻrtasidagi yaqin va sermahsul hamkorlik yuksak darajada ekani, uning doirasida bugungi kunda mamlakatimizda zamonaviy futbod klasterini tashkil etish choralari koʻrilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekistonda jahon miqyosidagi sport tadbirlari va birinchiliklariga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish, milliy terma jamoani tayyorlash, infratuzilmani rivojlantirish va Assotsiatsiyamiz salohiyatini oshirishga texnik koʻmakni kengaytirish hamda iqtidorli futbolchilarni seleksiya qilish tizimini ishlab chiqish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.