Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 5 avgust kuni Turkmanboshi shahriga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbarini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi oʻrinbosari Esenmurat Orazgeldiyev va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Oʻzbekiston Prezidenti bugun 6 avgust kuni “Avaza” milliy sayyohlik zonasida boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida ishtirok etadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini oʻtkazish tashabbusini ilgari surgan edi. U barcha qoʻshni mamlakatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, birinchi sammit 2018 yil mart oyida Qozogʻiston poytaxti Nur-Sulton shahrida oʻtkazilgan edi. Ikkinchisi esa 2019 yil noyabrda Toshkent shahrida boʻlib oʻtdi.
Navbatdagi sammitda, avvalo, ilgari erishilgan kelishuvlarning natijalari koʻrib chiqiladi. Mintaqada barqaror va izchil taraqqiyotni taʼminlash, savdoni rivojlantirish, energetika sohasida sheriklik uchun qulay sharoitlar yaratish, transport-kommunikatsiya sohasida hamkorlikni kengaytirish, pandemiyaga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilinadi.
Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va koʻmak munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surishi, umumiy manfaatlarga asoslangan mintaqaviy hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini bayon etishi kutilmoqda.
Sammit doirasida Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti va Iqtisodiy forum, milliy mahsulotlar koʻrgazmasi, milliy taomlar festivali hamda sanʼat ustalari konserti ham oʻtkaziladi.