Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH oʻrtasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi

0
28
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrif dasturiga muvofiq 19 sentyabr kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qoʻshma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammitida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda, shuningdek, Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdilar.

Uchrashuv kun tartibiga muvofiq, savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish istiqbollari, “yashil” taraqqiyot, energetika xavfsizligini taʼminlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.  

Sammitda sakkiz yil muqaddam Samarqand shahrida tashkil etilgan “S5+1” formati Markaziy Osiyo davlatlari va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi ochiq va konstruktiv muloqot, barcha sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylangani taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo mintaqasida doʻstlik, oʻzaro anglashuv va sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani, bu keng hamkorlik uchun yangi va noyob imkoniyatlar yaratayotganini yuksak baholadi.

Savdo-investitsiyaviy faoliyatni kuchaytirish, loyihaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, mintaqada transport yoʻlaklarini rivojlantirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, inson huquqlari va gender tenglikni taʼminlash, taʼlim dasturlarini kengaytirish, Afgʻonistondagi vaziyatning tinch yoʻl bilan hal etilishiga koʻmaklashish kabi butun mintaqa rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ustuvor yoʻnalishlar koʻrsatib oʻtildi.

Uchrashuv yakunida mintaqa mamlakatlari va AQSH oʻrtasidagi oʻzaro anglashuvni yanada chuqurlashtirish va amaliy sheriklikni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.